O‘zbekiston | 12:11 / 18.06.2021
21124
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Andijon va Yangi Andijon shaharlarini bog‘lash uchun metro qurish masalasini o‘rganish bo‘yicha topshiriq berdi

Andijon viloyati faollari ishtirokidagi yig‘ilishda Yangi Andijon shahri infratuzilmasi masalalari ham muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi shaharda «Damas» avtomobillari qatnovi bo‘lmasligi kerakligini, ikki shahar o‘rtasida metro qurish masalasini o‘ylab ko‘rish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Kecha Andijon tumanidagi 4 ming gektar adirlik yerlarda barpo etiladigan Yangi Andijon shahriga tamal toshini qo‘ydik.

Ushbu yangi shaharda jami 130 mingdan ortiq kvartirali ko‘p qavatli uylar, ta'lim, sog‘liqni saqlash, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, sanoat zonalari, yashil hududlar va infratuzilma obektlari quriladi.

Ta'kidlash kerakki, Yangi Andijon loyihasi – aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish bilan birga, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish orqali, viloyatni rivojlantirish bo‘yicha yangi drayver bo‘ladi. 

Jumladan, qurilish materiallari, elektrotexnika, mebelsozlik, to‘qimachilik, poliester va sun'iy tola ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratiladi.

Yangi Andijon loyihasining kommunikatsiya tarmoqlarini  qurishni boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Shulardan kelib chiqib, 2022 yil 1 martdan boshlab Andijon shahri tarkibida Yangi Andijon tumani tashkil etiladi.

[Transport vaziri] Mahkamov Yangi Andijon hududiga tezkor transport qatnovini tashkil qilish maqsadida bir oy muddatda taklif kiritsin. Mana masalan ikki shahar o‘rtasida metro qurish masalasini o‘ylab ko‘ringlar, hisob-kitob qilib, takliflar kiritinglar.

Samarali bo‘lsa, amalga oshiraylik. Yangi Andijonda «Damas» bo‘lmaydi», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari faollar yig‘ilishida Andijon yo‘llari muammosiga ham to‘xtalib, viloyatdagi yo‘llarni ta'mirlash uchun 450 mlrd so‘m ajratilishi, bu 2016 yilga nisbatan 50 barobar ko‘pligini ta'kidlab o‘tdi.

«Andijon shahrida yirik loyiha – Bobur shoh ko‘chasining ikki qismini bog‘laydigan va Markaziy temir yo‘l vokzali ustidan o‘tadigan, 700 metr uzunlikdagi ko‘prik quriladi. Natijada masofa 5 kilometrga, vaqt sarfi esa 25 foizga qisqarib, Andijon ahlining necha yillik orzu-niyatlari amalga oshadi.

Umuman, Andijon viloyati yo‘llariga 450 mlrd so‘m ajratyapmiz. 2016 yilda buning uchun 9 mlrd so‘m berilgan. Farq bormi? 

Lekin bu pullarni qat'iy nazorat qilish kerak. Deputatlar, sizlar bunga bosh qo‘shishlaringiz zarur. Mablag‘ning 20 foizi deputatlar yo‘llarni imzo chekib qabul qilib olmaguncha to‘lab berilmaydi», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid