Jahon | 11:08 / 23.05.2021
10588
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston mamlakatda tarqalgan shtammni «hindcha shtamm» deb atamaslikni talab qildi

Hindiston aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi ijtimoiy tarmoqlardan koronavirusning mamlakatda tarqalgan turi “hindcha shtamm” deb atalgan barcha ma'lumotni o‘chirishni talab qildi. Ta'kidlanishicha, ushbu shtamm rasman B.1.617 deb ataladi va “hindcha shtamm” atamasining ishlatilishi Hindiston nufuziga putur yetkazadi.

Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi kompaniyalarga yo‘llagan maktubida JSST koronavirusning birorta shtammiga bunday nom bermagani ma'lum qilingan va ulardan “hindcha shtamm”ni nazarda tutuvchi barcha ma'lumotni darhol o‘chirib tashlash talab qilingan.

“Koronavirusning bunday nomdagi varianti yo‘q. JSST birorta ham xabarida B.1.617 shtammiga nisbatan “hindcha shtamm” atamasini qo‘llamagan”, deb aytilgan vazirlikda va virusning ushbu turini bunday atash uchun hech qanday asos yo‘qligi ta'kidlab o‘tilgan.

O‘z navbatida, JSSTning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridagi mintaqaviy byurosi JSST virus yoki shtammlarni ular birinchi marta qayd qilingan davlatlar nomlari bilan belgilamasligini ta'kidlab o‘tgan.

“Biz ularga ilmiy nomlari bo‘yicha murojaat qilamiz va bir xillik uchun barchadan ham shunday qilishni iltimos qilamiz”, deb aytilgan xalqaro tashkilotda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, aprel oyida Hindiston hukumati Twitter va Facebook’dan mamlakat bosh vaziri Narendra Modining koronavirusga qarshi kurash choralarini tanqid qiluvchi xabarlarni o‘chirib tashlashni so‘ragan.

Mavzuga oid