Jamiyat | 19:45 / 14.06.2021
29016
6 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘lda o‘nlab yangi zavodlar ishlamay yotibdi. Mansabdorlar nega buncha befarq?

O‘nlab tadbirkorlar Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida bir necha million dollarlik yirik zavodlar barpo etgan. Biroq davlat amaldorlari o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani ortidan zavodlar ishlamay yotibdi. Tadbirkorlar esa zarar ko‘rmoqda.

Bundan bir oy ilgari investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy sanoat zonasida joylashgan ishlab chiqarish korxonalari yetarli kuchlanishdagi elektr energiyasi bilan ta'minlab berilmayotganiga izoh berib, mazkur muammoni hal qilish ishlari bir oy ichida boshlanishini aytgan.

Mana oradan o‘sha 1 oy vaqt ham allaqachon o‘tib bo‘ldi. Mana shuning o‘zi ham amaldor Voitovning so‘zlari yolg‘on ekanini ko‘rsatib turibdi.

Hikoyamizni Yangiyo‘l tumanining Xo‘jaobod mahallasidan davom ettirsak. Bu yerda joylashgan kichik sanoat zonasida tadbirkorlar jiddiy muammoga duch kelishgan. Hududda har birining bahosi bir necha million dollar turadigan o‘nlab zavodlar qurib bitkazilgan, uskunalar o‘rnatilgan. Ammo ishlab chiqarishni boshlash uchun eng zarur resurs – elektr energiyasi ulab berilmayapti.

Bir yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, davlat tashkilotlari turli bahonalar bilan ishni ortga surishda davom etmoqda.

Masalan, qurilish bo‘yoqlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Kavsar-madad» xususiy korxonasi, investitsiya dasturiga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan ishga tushishi kerak edi. Biroq, yetarli kuchlanishli elektr energiyasi yetkazib berilmayotgani sababli ishlab chiqarishni boshlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Korxona ish boshqaruvchisi Firdavs Abdualimovning aytishicha, tadbirkorlar bekorga vaqt o‘tkazishmoqda, boy berilayotgan har bir kun ular uchun bir necha million so‘m zarar keltiryapti.

Firdavs Abdualimov

«Xitoydan 1 million dollarga ishlab chiqarish uskunalari olib kelingan. Bo‘yoq zavodimiz ishlashga tayyor holatda turibdi. Muammo – elektr energiyasi yo‘q. Shu sababli zavodimizni ishlata olmayapmiz.

Energetika vazirligiga bir necha marta murojaat bilan chiqdik. Ular har safar dasturga kiritilgan, deb aytishadi. Lekin hozirgi kungacha hech qanday natija bo‘lmadi.

Zavod ishlashi uchun yuqori quvvatdagi elektr energiyasi kerak. Ikkinchi ishlab chiqarish texnologiyamiz – metal profillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodimiz ham 20 kunda tayyor bo‘ladi. Ammo tok bo‘lmasa, u ham ishlamaydi», deydi u.

Ma'lum qilinishicha, bu korxonada qurilish bo‘yoqlari va metal profil zavodlari ishga tushsa, avvaliga 60-65 kishi, keyingi chorakda 100 kishi ishli bo‘ladi. Oyiga 90 tonna qurilish bo‘yoqlari, 150 tonadan ziyod metal profillar ishlab chiqariladi.

Hozirda zavodlar uchun ikkita 1000 kilovattlik transfarmator o‘rnatib qo‘yilgan. Bo‘yoq zavodiga 700 kilovatt, metal zavod uchun 900 kilovatt quvvatdagi kuchlanishga ega elektr energiyasi tarmog‘i zarur bo‘lar ekan.

O‘rganishimiz jarayonida kichik sanoat zonasida 10 ta tadbirkorlik sub'yektlari o‘z korxonalarini qurgani, ularning deyarli barchasida elektr energiyasi muammo ekani ma'lum bo‘ldi.

Xususan, o‘simlik yog‘i va qurilish uchun mel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodlar ham allaqachon qurib bitkazilgani va ishlab chiqarishga shayligiga qaramay, yuzlab fuqarolarni doimiy ish bilan ta'minlashi mumkin bo‘lgan texnikalar chang bosib yotibdi.

Barcha tadbirkorlar sanoat zonasidagi obektlarni onlayn auksionda belgilangan tartibda yutib olishgan. O‘ziga yarasha investitsiya majburiyatlariga ham ega. Tadbirkorlar va sanoat zonasi direksiyasi o‘rtasida imzolangan shartnomada esa yetarli kuchlanishdagi elektr energiyasini hudud chegarasigacha olib kelinishi davlat organlarining zimmasiga yuklangan.

Tadbirkor Iskandar O‘rmonovning aytishicha, shu paytgacha barcha mas'ul idoralarga murojaat qilingan. Ammo hamon natijadan darak yo‘q.

«Biz elektr toki masalasida yordam berishlarini so‘rab, Yangiyo‘l tumani va viloyat elektr tarmoqlari korxonalariga, hokimliklarga, vazirliklar va bosh vazirga ham murojaat qildik. Ammo natija bo‘lmayapti. Zavodlarimiz ishlab chiqarishga tayyor-u, lekin yuqori quvvatli elektr energiyasi 1 yildan beri yo‘q. Bunday qilishlarini bilganimizda, bu yerga zavod qurmas edik», – dedi u.

Avvalroq, Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining mazkur kichik sanoat zonalaridagi elektr muammosi qachon hal qilinishi bo‘yicha bergan savoliga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov bu bo‘yicha qaror chiqqani, hudud davlat dasturiga kiritilgani va ishlar 1 oy ichida boshlanishini aytgan edi.

Tasavvur qilib ko‘raylik, bekor yotgan bu 10 ta zavodning har biri o‘rtacha 50 ta odamni ish bilan ta'minlaganida 500 kishining doimiy bandligi ta'minlangan, ishlab chiqarishdan olinadigan daromaddan davlat xazinasiga milliardlab soliq tushumlari tushgan bo‘lardi. Guvohi bo‘lganimizdek, bu yerda faqat tadbirkor yutqazayotgani yo‘q – davlat mansabdorlarining befarqligi sabab pirovardida davlat zarar ko‘rmoqda.

Bunday sharoitda investitsion jozibadorlik haqida so‘z ochishning o‘zi kulgili.

Islombek Umaraliyev,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid