Jahon | 21:07 / 28.06.2021
4580
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya bosh vaziri iste'foga chiqdi

Shvetsiya bosh vaziri Stefan Leven 28 iyunda iste'foga chiqishini e'lon qildi. U mamlakat tarixida parlament ishonchsizlik bildirgan birinchi bosh vazir bo‘ldi. 

Foto: DPA

«Spikerdan meni bosh vazir lavozimidan ozod qilishni so‘radim. Spiker yangi hukumatni shakllantirishga harakat qilib ko‘radi», deb aytgan Leven.

O‘tgan haftada Shvetsiya parlamenti mamlakat tarixida birinchi marta bosh vazirga ishonchsizlik bildirgandi.

Bunday tashabbus bilan «So‘l partiya» va «Shved demokratlari» chiqqan. Parlamentda bosh vazirga, shuningdek, «Xristian-demokratik partiya» va «O‘rtamiyona koalitsiya partiyasi» ham qarshi ovoz bergan.

Bosh vazirga ishonchsizlik bildirilishiga hukumatning yangi qurilayotgan uylardagi kvartiralarga ijara haqini erkin o‘rnatishga ruxsat bermoqchi bo‘lgani asosiy sabab hisoblanadi.

Levenda muddatidan oldin parlament saylovlarini tashkillashtirish imkoni bo‘lgan, biroq u mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olib, buning mavridi emasligi haqidagi qarorga kelgan.

Shvetsiyada keyingi parlament saylovlari 2022 yilda o‘tkaziladi. Bungacha parlament spikeri yangi hukumatni shakllantirishga harakat qilib ko‘radi. Agar 4ta urinishdan keyin ham buning uddasidan chiqilmasa, mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid