Jahon | 13:43 / 10.07.2021
6941
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda “Silkway” va “Miras” universitetlarining litsenziyasi bekor qilindi

Qozog‘istonning “Orda” (avvalgi “Silkway” xalqaro universiteti) va “Miras” universitetlari litsenziyasi sud qarori bilan bekor qilindi.

Foto: Pixabay

Qozog‘iston Ta'lim va fan vazirligi “Orda” (avvalgi “Silkway” xalqaro universiteti) va “Miras” universitetlari litsenziyasi to‘xtatilganini ma'lum qildi.

2020 yili bu ikki OTMda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlangan va kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar bu universitetlar faoliyati to‘xtatilgan edi. Universitetlar tegishli choralar ko‘rmagani uchun sud qarori bilan cheklov o‘z kuchida qoldirilgan.

“Universitetlar o‘tgan 8 oyni aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish emas, qo‘mita qarori ustidan shikoyat qilish bilan o‘tkazdi. Ammo Chimkent shahrining tumanlararo ixtisoslashtirilgan ma'muriy sudi qaroriga ko‘ra, qo‘mita qarori o‘z kuchida qoladigan bo‘ldi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Ta'lim sifatini ta'minlash bo‘yicha mustaqil agentlik ham ushbu universitetlar akkreditatsiyasini to‘xtatgan. Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, bu – universitetlar bitiruvchilarga diplom bera olmasligini anglatadi.

“Qozog‘iston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonuniga binoan, ta'lim bilan shug‘ullanish uchun litsenziyani bekor qilish yoki ta'lim tashkilotini tugatish bilan muassasa talabalarni boshqa ta'lim tashkilotlariga o‘tkazish choralarini ko‘radi”, – deyiladi xabarda.

Ta'kidlash lozim, o‘z davlatida litsenziyaga ega bo‘lmagan va akkreditatsiyalanmagan xorijiy OTMlar diplomlari O‘zbekistonda tan olinmaydi.

Mavzuga oid