Jahon | 21:52 / 02.08.2021
12910
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Moskvadagi elchixonasi rossiyaliklarga ogohlantirish bilan chiqdi

Foto: Alexander Zemlianichenko/AP

AQShning Moskvadagi elchixonasi rossiyaliklarga noimmigratsion vizalarni olish uchun AQShning boshqa davlatlardagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishni tavsiya etdi. Ta'kidlanishicha, bu Rossiya tomonidan AQSh elchixonasiga rossiyaliklarni ishga yollashga kiritilgan taqiqlov sababli elchixona xodimlari soni qisqarishi bilan bog‘langan.

“Noma'lum muddatga nodiplomatik safarlar uchun noimmigratsion vizalarni ko‘rib chiqish va AQSh fuqarolariga odatiy xizmatlarni ko‘rsatish to‘xtatildi”, deb ma'lum qilgan elchixona vakili. Uning ta'kidlashicha, viza olishga ariza beruvchilar AQShning Rossiyadan tashqaridagi elchixonalari yoki konsulxonalariga murojaat qilishlari kerak.

“Biz Rossiya hukumatining harakatlari konsullik xodimlari sonining 75 foizga qisqarishiga olib kelganidan afsusdamiz. Bu tegishli xizmatlar ko‘rsatishni ilojsizga aylantiradi”, deb qo‘shimcha qilgan elchixona xodimi.

AQSh elchixonasi konsullik xizmatlari ko‘rsatish hajmini qisqartirib, faqatgina amerikaliklar uchun favqulodda vaziyatlarda xizmat ko‘rsatishni kuchda qoldirgan.

AQSh bahorda Yekaterinburg va Vladivostokdagi konsulxonalarini yopgandi. Shu sababli Moskvadagi elchixona Rossiyada AQSh vizasini olish mumkin bo‘lgan yagona joyga aylangandi.

Moskva AQSh sanksiyalariga javoban AQSh elchixonasi tomonidan rossiyaliklarni ishga yollashga taqiqlov kiritgandi. Taqiqlovdan keyin AQSh elchixonasi rossiyaliklarga nodiplomatik vizalar berishni to‘xtatishini e'lon qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid