Iqtisodiyot | 21:28 / 03.08.2021
24538
3 daqiqa o‘qiladi

Bir yil ichida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari qanchalik qimmatlashdi?

O‘tgan yilning iyul oyi bilan taqqoslanganda, suyakli mol go‘shti 17,4 foizga, kungaboqar yog‘i 60,5 foizga, paxta yog‘i esa 61,2 foizga, shakar narxi 33,1 foizga qimmatlashgan.

O‘tgan bir yil davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga inflatsiya qay darajada ta'sir ko‘rsatdi? Kun.uz Statistika qo‘mitasi taqdim qilgan ma'lumotlar asosida narxlar o‘zgarishini tahlil qilib chiqdi.

Suyakli mol go‘shti

Ma'lum bo‘lishicha, suyakli mol go‘shti 2020 yilning iyul oyiga nisbatan 17,4 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 5 foizga qimmatlashgan.

2021 yil 28 iyul holatiga ko‘ra, suyakli mol go‘shtining 1 kilogrammi narxi respublikaning markaziy bozorlarida 45 000 – 68 000 so‘m oralig‘ida ekani qayd qilingan.

Qo‘y go‘shti

2020 yilning iyul oyiga nisbatan 17,6 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 4 foizga qimmatlashgan. Statqo‘m ma'lumotlari bo‘yicha, bozorlarda qo‘y go‘shti 52 000 – 80 000 so‘m oralig‘ida sotilmoqda.

Kungaboqar va paxta yog‘i

2020 yilning iyul oyiga nisbatan kungaboqar yog‘i 60,5 foizga, paxta yog‘i narxi esa 61,2 foizga oshgan. Dekabr oyiga nisbatan esa kungaboqar yog‘i 30,7 foizga, paxta yog‘i 27,2 foizga qimmatlashgan.

Shakar

Shakar narxi o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan olinganda 33,1 foizga, dekabr oyiga nisbatan esa 15,1 foizga qimmatlashdi.

Joriy yilning 28 iyul holatiga ko‘ra, respublikaning markaziy bozorlarida 1 kg shakar 7 500 – 9 000 so‘m oralig‘ida sotilmoqda.

Guruch va bug‘doy uni

Yillik nisbatda guruch narxi 5,4 foizga, bug‘doy uni esa 4,7 foizga oshgan. Dekabr oyidan beri esa guruch narxi 6,5 foizga, bug‘doy uni 1,4 foizga qimmatlashgan.

Tuxum va sut

O‘tgan yilning iyul oyidan beri tuxum 11,4 foizga, sut narxi esa 14,3 foizga ko‘tarilgan. Bu ko‘rsatkichni 2020 yilning dekabr oyi bilan solishtirsak, tuxum narxi 25,9 foizga, sut narxi esa 4,8 foizga oshganini ko‘rishimiz mumkin.

Ma'lumot uchun, joriy yilning iyul oyidagi ko‘rsatkichga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari sektoridagi inflatsiya darajasi 15,1 foizni tashkil qilmoqda.

Umumiy iste'mol sektoridagi inflatsiya darajasi esa rasman 11,1 foiz. 2021 yil yakunida yillik inflatsiya darajasi bir xonali raqamga tushishi prognoz qilingan.

Mavzuga oid