Jahon | 09:21 / 15.08.2021
6601
2 daqiqa o‘qiladi

Haitidagi zilzila qurbonlari soni 300dan oshdi

Foto: Getty Images

Haiti bosh vaziri Ariel Anri 14 avgustda mamlakatda yuz bergan zilzila qurbonlari soni 304 nafarga yetganini ma'lum qildi.

Haiti fuqaro himoyasi boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 1,8 ming kishi jabr ko‘rgan. Jyeremi shahri shifoxonasi jabrlanuvchilar bilan to‘lib-toshgan, hovlida ular uchun qo‘shimcha chodirlar o‘rnatilgan.

AQSh Qizil xoch jamiyati vakili Keti Uilksning ta'kidlashicha, zilzila infratuzilmaga katta talafotlar yetkazgan, ko‘plab uylarga zarar yetgan.

Haiti bosh vaziri mamlakatning zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan janubi-sharqiy departamentiga tabiiy ofat yetkazgan zararni baholash uchun kelgan.

AQSh, Chili, Panama, Kolumbiya va Lotin Amerikasining boshqa davlatlari Haitiga zilzila oqibatlari bilan kurashda yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Prognozlarga ko‘ra, kelayotgan hafta boshida mintaqaga “Greys” tropik dovuli yopiriladi. U bo‘ronlar va kuchli yomg‘ir olib kelishi kutilmoqda, buning oqibatida toshqinlar yuz berishi xavfi bor.

Haitida 14 avgust ertalab 7,2 magnitudali zilzila yuz berdi. Uning ortidan bir nechta aftershok qayd qilingan hamda sunami yuzaga kelishi xavfi e'lon qilingan.

Mamlakatda tabiiy ofat munosabati bilan favqulodda holat e'lon qilingan. Zilziladan mamlakatning janubi-sharqiy qismi eng ko‘p zarar ko‘rgan. Zilzila kuchi Karib dengizida joylashgan barcha davlatlarda sezilgan.

Mavzuga oid