Jamiyat | 19:21 / 16.08.2021
56456
3 daqiqa o‘qiladi

Ishtixonda muftiy Usmonxon Alimovning janoza namozi o‘qildi

Bugun, 16 avgust kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumani Orlot qishlog‘idagi “Eshoni Temirxon To‘ra” jome masjidida muftiy Usmonxon Alimovning janoza namozi o‘qildi va ta'ziya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Musulmonlar idorasi matbuot xizmati

Usmonxon Alimovni so‘nggi manzilga kuzatish marosimida taniqli ulamolar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari, marhumning qarindoshlari, do‘st-birodarlari, shogird va muxlislari hamda butun O‘zbekistonning turli joyidan kelgan hamyurtlarimiz ishtirok etdi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan oyda davolanish uchun Moskvaga olib borilgan muftiy kecha, 15 avgust kuni 71 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi.

16 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi bir guruh amaldorlar ta'ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning oila a'zolariga hamdardlik bildirdi.

Shuningdek, dunyo bo‘ylab ko‘plab ulamolar, xususan yetuk muhaddis olim, shayx Muhammad ibn Muhammad Avvoma hazratlari, marokashlik olim, professor Hamid Lahmar, albaniyalik professor, imom Romiz Mustafo Zakoiy, Butun dunyo musulmon jamiyatlari Kengashi raisi – doktor Aliy Nuaymiy, Kengash bosh kotibi doktor Muhammad Bashoriy janoblari, Kengashning boshqa barcha a'zolari, Al-Azhar Islom tadqiqotlari akademiyasi direktori doktor Nazir Muhammad Ayyad, shuningdek, Checheniston davlat rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi, deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1982–1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983–1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989–1990 yillarda esa Marokashning «Karaviyn» dorilfununida tahsil olgan.

Usmonxon Alimov Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980–1982 yillarda imom-noib, 1987–1989 yillarda, so‘ngra yana 1990–2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.

2000–2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi sifatida ishlagan. 2006 yildan to hozirga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgan edi.

NeZghW8NrgD9ny5lQWyOa8kbGhtEuhFO.jpg (1280×960)

Mavzuga oid