O‘zbekiston | 12:07 / 16.08.2021
3587
2 daqiqa o‘qiladi

Urgutda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlandi

Samarqand viloyati Urgut tumanida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan Urgut tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda tumanning Jartepa mahallasida yashovchi 27 yoshli yigit ushlangan. U 6 million so‘m evaziga 35 gramm opiy giyohvand moddasini sotayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur shaxs opiyni Urgut tumani Quyiqishloq qishlog‘ida yashovchi shaxsdan olganini ma'lum qilgan. Shundan so‘ng tadbir Quyiqishloq mahallasida davom ettirilib, gumondagi shaxsning uyi ko‘zdan kechirilgan.

Tadbir o‘tkazilayotgan chog‘da uy egasining turmush o‘rtog‘i o‘zini shubhali tutgan va uning xatti-harakatlari IIB xodimlarining e'tiborini tortgan. Ayol tekshirib ko‘rilganda kiyimining ichki qismidan geroin giyohvandlik moddasiga o‘xshash modda topilgan.

Surishtiruv davomida yana bir manzil aniqlangan. Urgut tumani Mirzabog‘lon-Chep mahallasida yashovchi 30 yoshli shaxs Jartepa va Quyiqishloq mahallarida ushlangan shaxslarga aloqador bo‘lib chiqqan.

Ta'kidlanishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 275-moddasi 5-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, aniqlangan giyohvand moddalarning manbasini topish bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazilmoqda.

 

Mavzuga oid