Jamiyat | 20:22 / 18.08.2021
5588
5 daqiqa o‘qiladi

Venetsiya biyennalesidagi o‘zbek pavilonida ta'lim dasturlari yo‘lga qo‘yilmoqda

Madaniyat va san'at rivolantirish jamg‘armasi Venetsiya arxitektura biyennalesidagi O‘zbekiston milliy pavilonida ta'lim dasturlarini yo‘lga qo‘ymoqda.

24-31 avgust kunlari Venetsiya Xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekistonning birinchi Milliy pavilonida Madaniyat va san'at rivolantirish jamg‘armasi tomonidan bir qator ma'ruzalar, davra suhbatlari hamda ochiq film namoyishi tashkil etilmoqda.

Venetsiyada o‘tkazilayotgan 17-Xalqaro arxitektura biyennalesida O‘zbekiston milliy paviloni 22 may kuni o‘z eshiklarini ochgan edi. “Mahalla: shahar va qishloq hayoti” loyihasi O‘zbekistonning mazkur xalqaro anjumandagi debyuti bo‘ldi.

Pavilon komissari – Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining We Exhibit'ga tayanib ma'lum qilishicha, shu kungacha O‘zbekiston milliy paviloniga 20 mingga yaqin odam tashrif buyurdi.

Loyiha mahallaning madaniy merosini tushunish va hujjatlashtirish zarurligi g‘oyasiga asoslangan bo‘lib, u O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi mutaxassislari va arxitektura bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Fanlararo loyiha mahalla me'morchiligi va hayotining turli jihatlarini o‘rganishga asoslangan bo‘lib, O‘zbekistonning madaniy-me'moriy an'analarini ijodiy aks ettirishga qaratilgan keng qamrovli akademik tadqiqotlar va ifodali badiiy mulohazani birlashtirgan.

To‘plangan ma'lumotlarga va xorijiy mutaxassislarning keng doirasiga asoslanib, tashkilotchilar “Mahalla hikoyalari” deya nomlangan bir qator tadbirlarni o‘tkazishni ko‘zlashgan. “Mahalla hikoyalari” – bu “La Biennale di Venice” 17-Xalqaro arxitektura ko‘rgazmasida Madaniyat va san'at rivolantirish jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan ta'lim va madaniy tadbirlar ketma-ketligi. Ushbu tadbirlarda nafaqat loyiha kuratorlari va rassomlari, balki taklif qilingan ma'ruzachilar ham spiker sifatida chiqishlar qilishadi.

24 avgust kuni O‘zbekiston pavilonida o‘tkaziladigan dasturni “Shodiyona” o‘zbek an'anaviy karnay va surnaychilar musiqa ansambli ochib beradi hamda maqom ijrochisi Xushnud Solijonovga hamrohlik qiladi. Shu kuni maqomchi va musiqachilar bir vaqtlar mahallalardagi to‘y va boshqa bayramlarda ijro etilgan mumtoz o‘zbek milliy qo‘shiqlarini ijro etishadi.

Umuman olganda, O‘zbekiston pavilonidagi sessiyalar quyidagi mavzularda bo‘lib o‘tadi: kuratorlar Emanuyel Kristof va Kristof Gantenbeynlarning O‘zbekiston va mahallalar – ijod uchun ilhom manbayi mavzusi, tabiat ovozi uchun harakatining konteksti va tarixiy zamiri, shuningdek, rassom va ovoz rejissyori Karlos Kasas tomonidan taqdim etilgan 70-yillarning boshidan to hozirgi kungacha bo‘lgan ovozli landshaft va dala yozuvlari namunalari va boshqalar.

Muhim tadbirlardan biri 28 avgust kuni Isroil va Polsha pavilonlari bilan birgalikda o‘tkaziladigan Kuratorlar jamoaviy kuni hisoblanib, bunda xalqaro ekspertlar tomonidan qishloq aholisi, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va turli turmush tarzi kabi mavzular muhokama qilinadi.

O‘zbekiston paviloniga Italiyaning eng qiziqarli musiqachilari va ovoz texniklari Enriko Malatesta, Jovanni Lami va Glauko Salvoni ochiq sessiyaga taklif qilingan. Mazkur musiqachilarning ijro mahorati mavjud improvizatsiya, tovush tabiati, borliqda yangrashi va chuqur tinglash amaliyoti chegaralarini o‘zgartirib yuborish qobiliyatiga ega deb qaraladi. Shuningdek, shu kuni mahallalarda va uylarda yozib olingan tovushlarning perkussiyasi, shuningdek, musiqiy namunalar (sempllar) va elektronikadan foydalangan maxsus jonli improvizatsiya sessiyasi ham bo‘ladi. Mazkur sessiya pavilonga yangicha ovoz amaliyotini taqdim etadi.

Shuningdek, tadbirning yana bir yorqin sahifasi sifatida Venetsiyaning qadimiy “Teatrino Palazzo Grassi” kinoteatrida “Mahallada duv-duv gap” filmining ochiq namoyishi hamda tarixchi va CNRS / CETOBAC Milliy tadqiqot markazi ilmiy xodimi Xloye Driyyu va rassom va kinorejissyor Saodat Ismoilova bilan bo‘ladigan suhbat kutilmoqda.

Tadqiqotchi Xloye Driyyu Markaziy Osiyoda yaratilishi 1924 yilga borib taqaluvchi ilk kinoasarlarni o‘rganib chiqqan. Ushbu filmlar O‘zbekistonning etnik va hududiy chegaralarini ko‘rsatgan holda uning siyosiy tiklanishi ramziga aylangan va kinematografiya tarixida yangi davrni boshlab bergan. Bu va ko‘plab boshqa qiziqarli ma'lumotlarni Venetsiya aholisi va mehmonlari tadbirga tashrif buyurib bilib olishi mumkin.

Tadbirlarning batafsil jadvali bilan ushbu havolada tanishish mumkin: mahallavenice.uz/evens/sessions

Shuningdek, Instagram va Facebook'da Venetsiya arxitektura biyennalesida birinchi O‘zbekiston milliy paviloniga bag‘ishlangan sahifalar yuritilmoqda.

Mavzuga oid