DXX xodimlari kuni o‘zgarishi kutilmoqda
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kuni 5 apreldan 26 sentabr sanasiga ko‘chiriladi. 1991–2019 yillar davomida DXX xodimlari kuni 26 sentyabrda nishonlab kelingan.
Bugun, 24 avgust kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi palata yalpi majlisi oldidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda DXX xodimlari kunini 5 apreldan 26 sentyabrga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Ma'lum bo‘lishicha, tegishli qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan. Senator Tolibjon Madumarov yangilik borasida izoh berdi.
“O‘zi asli 2018 yilda qabul qilingan qonun bilan DXX xodimlari kuni 5 aprel etib belgilangan edi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, DXX xodimlari kuni aslida O‘zbekiston prezidentining 1991 yil 26 sentyabrdagi farmoniga borib taqaladi. Mana shundan beri 26 sentabr xavfsizlik xizmati xodimlari kuni sifatida nishonlanib kelgan.
2018 yil 5 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganini inobatga olib, 2018 yilning 2 oktyabrida “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq 5 aprel DXX xodimlari bayrami deb e'lon qilingandi.
Mazkur qonun bugungi kunda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ish yurituvida ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda. 2019 yilgacha DXX xodimlari kuni 26 sentyabrda nishonlab kelingan. Shu sanada xizmatning 10, 20, 25 yillik yubileylari o‘tkazilgan. Mana shu narsa hisobga olinib, maxsus bir topshiriq berildiki, DXX xodimlari kunini oldingi holatga qaytarish masalasi bo‘yicha.
Shunda, bevosita 2021 yil 26 sentyabrda ularning 30 yilligi nishonlanadi”, – dedi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov.
Senatorning ta'kidlashicha, bayramlarni ko‘chirish – qonunchilik amaliyotida uchraydigan holat. Tolibjon Madumarov bunga javoban 1993 yilda qonun bilan xalq ta'limi xodimlari kuni belgilangani, biroq 1996 yilda qonunga o‘zgartirish kiritilib, o‘qituvchi va murabbiylar kuni 1 oktyabrga ko‘chirilganini misol sifatida keltirdi.
Yig‘ilishda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risidagi qonun Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan yalpi majlis muhokamasi uchun tavsiya qilinayotgani ta'kidlandi. Qo‘mita a'zolari ushbu taklifni bir ovozdan ma'qullashdi.
Eslatib o‘tamiz, 5 aprel DXX xodimlari kuni sifatida 2019 yilda ilk marta nishonlangan.
Mavzuga oid
19:25 / 23.11.2024
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
19:15 / 23.11.2024
DXX raisi Abdusalom Azizov lavozimidan haydaldi - manba
19:57 / 22.11.2024
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
16:53 / 22.11.2024