Jahon | 09:27 / 09.09.2021
13054
2 daqiqa o‘qiladi

Eronni ShHTga qabul qilish jarayoni boshlanadi

Shanhay hamkorlik tashkilotining 16-17 sentyabrda Tojikistonda o‘tadigan yubiley sammitida Eronni tashkilotga 9-a'zo sifatida qabul qilish jarayoni boshlanishi e'lon qilinadi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Ayni vaqtda xalqaro tashkilotga 8ta davlat a'zo hisoblanadi, bular: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Hindiston va Pokiston.

Dushanbeda o‘tadigan sammit 20 yil avval tashkil etilgan tashkilot uchun yubiley sammit bo‘ladi.    

“Tehronni ShHTga qabul qilish jarayoni muayyan vaqt olishi mumkin. Hindiston va Pokistonda buning uchun 2 yil vaqt ketgan. Biroq Eronni tashkilotga qabul qilish jarayoni boshlanishining o‘zi katta ilgarilash hisoblanadi, chunki Eron tashkilotga a'zo bo‘lishni 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri kutmoqda”, deb aytilgan xabarda.

Tehron ShHTda kuzatuvchi davlat maqomini 2005 yilda olgan, 2008 yilda esa unga to‘laqonli a'zo bo‘lishga ariza bergan. Biroq 2015 yilgacha Eron unga nisbatan amal qilgan xalqaro sanksiyalar sababli tashkilotga qabul qilinmagan. ShHT qoidalariga ko‘ra, tashkilotga BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalari ostida bo‘lgan davlatlar a'zo bo‘la olmaydi. 2015 yilda Eron o‘z yadroviy dasturini cheklashga rozi bo‘lgach, unga nisbatan amal qilgan sanksiyalarning bekor qilinishi ham uning ShHTga a'zo bo‘lishi uchun eshiklarni ochmagan. Bunga esa Tehron arizasining Tojikiston tomonidan to‘silishi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, Dushanbe Tehronni Tojikiston islom tiklanish partiyasini qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Biroq bir muddat avval ushbu nizoni hal qilishga erishilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid