O‘zbekiston | 07:39 / 26.10.2021
5769
2 daqiqa o‘qiladi

Sud qarorini ijro qilmagan mansabdor shaxslarga nisbatan sud jarimasi qo‘llanadi

Prezidentning “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlari va manfaatlarining samarali himoya etilishini ta'minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Belgilanishicha, taraflarga ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan sud ishlarida kelishuv bitimini tuzish huquqi beriladi.

Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishni ko‘rish jarayonida taraflar o‘rtasida tuzilgan kelishuv bitimi taraflarning shaxsan ishtirokida, ular uzrli sabablarga ko‘ra sud majlisiga kelmagan hollarda esa fikri olingan holda sud tomonidan tasdiqlanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijroga qaratiladi.

Davlat organlari yoki tashkilotlari ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorini u qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy davomida ijro qiladi hamda bu haqda ma'muriy sudga xabar beradi.

Davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha sud hujjati ijro qilinmagani davlat organlari yoki tashkilotlari yoxud ularning mansabdor shaxslariga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda sud jarimasini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorining takroran ijro qilinmagani davlat organlari yoki tashkilotlari yoxud ularning mansabdor shaxslariga dastlab qo‘llanilgan sud jarimasining o‘n baravar oshirilgan miqdorda qo‘llanilishiga olib keladi.

Davlat organlari yoki tashkilotlari yoxud ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarining qo‘llanilganligi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ish bo‘yicha hal qiluv qarorini ijro qilishdan ozod qilmaydi.

Sud tomonidan davlat organlari yoki tashkilotlari yoxud ularning mansabdor shaxslariga qo‘llanilgan sud jarimalari davlat organlari yoki tashkilotlarining budjetdan tashqari yoxud mansabdor shaxslarning shaxsiy mablag‘lari hisobidan respublika budjeti hamda Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi daromadiga belgilangan tartibda undiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid