O‘zbekiston | 14:26 / 01.11.2021
8699
2 daqiqa o‘qiladi

Ergash Shoismatov «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi

Prezident farmoniga muvofiq O‘zbekistonning Tojikistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ergash Shoismatov "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlandi.

Foto: Asia-Plus

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ergash Shoismatovga orden davlat boshqaruvi organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni har tomonlama chuqurlashtirish, ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi sermahsul faoliyati, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun berildi.

Ergash Shoismatov 1951 yilda tavallud topgan, Toshkent politexnika institutini tamomlagan. U turli yillarda energetika va elektrlashtirish vaziri, «O‘zbekenergo» kompaniyasi raisi (2001−2006 yillar), bosh vazir o‘rinbosari (2006−2010 yillar) — Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari bo‘yicha majmuasi rahbari bo‘lgan.

E.Shoismatov 2014 yil fevralidan energetika xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi raisi bo‘lib ishlagan, 2016 yil dekabrida «O‘ztransgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisligiga tayinlangan. 2017 yil avgustida u boshqa ishga (Energetika xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi) o‘tishi munosabati bilan uning o‘rniga Alisher Mustafoyev kompaniyaning yangi rahbari etib tayinlangan.

2018 yil fevral oyida Ergash Shoismatov Tojikistondagi missiyasini yakunlagan Shoqosim Shoislomov o‘rniga O‘zbekistonning yangi elchisi bo‘ldi.

Mavzuga oid