O‘zbekiston | 19:51 / 02.12.2021
59128
7 daqiqa o‘qiladi

“Bir hokimga uch mashina” – Toshkent viloyati hokimligining xizmat mashinalari haqida

O‘tgan oyda Toshkent viloyatining hokimi o‘zgardi. Yil boshidan buyon viloyatni boshqarib kelgan Davron Hidoyatov o‘rnida so‘nggi ikki yilda Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lgan Zoyir Mirzayev ish boshladi.

Davron Hidoyatovning Toshkent viloyati hokimi sifatidagi so‘nggi qarorlaridan biri juda g‘aroyib. Gap shundaki, ishdan olingan kuni u hokimlik balansidagi Captiva avtomobilini viloyat ekologiya boshqarmasi balansiga o‘tkazib bergan. Eng qizig‘i, viloyat hokimining qarori uchun asos qilib olingan hukumat qarori allaqachon o‘z kuchini yo‘qotgan.

Zoyir Mirzayev qonunga zid ravishda qabul qilingan ushbu qarorni bekor qiladimi yoki bunga ko‘z yumadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.

Ushbu voqea bizni Toshkent viloyati hokimligi 2021 yil 16 iyunda qabul qilingan prezident farmoni talablariga qanchalik rioya qilayotganini tekshirib ko‘rishga undadi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yilning 1 iyulidan boshlab mansabdor shaxslarning transport bilan bog‘liq xarajatlari haqidagi ma’lumotlar davlat organlarining rasmiy saytlariga hamda Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirib borilishi belgilangan.

Viloyat hokimligi rasmiy saytidagi Ochiq ma’lumotlar bo‘limida qayd etilishicha, hokimlik tasarrufida 27ta avtomashina mavjud.

Shundan:

2 tasi Mercedes Benz S450 4MATIC;

2 ta Toyota Land Cruiser Prado;

1 ta Mercedes Benz E450 4MATIC;

1 ta Malibu-2;

5 ta Captiva-2;

1 ta Cadillac XTS;

8 ta Chevrolet Lacetti;

1 ta Chevrolet Nexia-3;

1 ta Damas;

2 ta Mercedes Benz S320 W140;

1 ta GAZ 31 Volga;

1 ta GAZ 53

1 ta Mercedes Benz 515 CDI avtomobillaridir.

Hokimlik saytidan bilish mumkinki, xizmat mashinalarining bir emas, ikki emas, naq uchtasi viloyat hokimiga biriktirilgan. Bular S450 seriyali ikkita Mercedes Benz hamda bitta Toyota Prado yo‘ltanlamasi.

Toshkent viloyati hokimining xizmat mashinalari

Toshkent viloyati hokimining nechta o‘rinbosari bor? 3tami, 5tami? Yo‘q, 9ta!

Hokimning birinchi o‘rinbosariga Malibu-2, keyingi 3 o‘rinbosarga esa Captiva-2, qolganlariga Cadillac XTS, Toyota Land Kruzer Prado hamda 3ta Lacetti biriktirilgan.

O‘rinbosarlardan tashqari viloyat hokimi maslahatchilari va yordamchilari ham serob. Ular ham ishga piyoda kelib-ketmaydi, albatta.

Viloyat hokimining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisiga Lacetti, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchilariga esa Nexia-3 hamda Damas ajratilgan.

Hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi, viloyat hokimligi ishlar boshqarmasi ish boshqaruvchisi, Tashkiliy nazorat guruhi rahbariga 3ta Lacetti xizmat mashinasi sifatida biriktirilgan.

Mercedes Benz E450 hamda Mercedes Benz 515 CDI avtomobillari esa Toshkent viloyati hokimligiga tashrif buyuradigan mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.

Hokim, uning o‘rinbosarlari, maslahatchilari, yordamchilari va boshqa mansabdorlar xizmat mashinalari bilan ta’minlangani kamlik qilganday, Toshkent viloyatidagi Prezident xalq qabulxonasi hamda Bosh vazir qabulxonasi rahbarlariga ham avtomobil ajratish viloyat hokimligi chekiga tushgan.

Toshkent viloyati hokimligi tasarrufidagi 1ta Captiva-2 va 1ta Lacetti ana shu ikki idora rahbari xizmatini qiladi. Yonilg‘i-moy, ehtiyot qismlar, ta’mirlash va boshqa xarajatlar ham viloyat hokimligi hisobidan sarflanadi.

Ochiq ma’lumotlarda keltirilishicha, hokimlik hisobidagi 27ta xizmat mashinasidan 5tasi nosoz. Bular: 2012 yilda ishlab chiqarilgan Captiva-2, 1996 yilda ishlab chiqarilgan 2ta Mercedes Benz, ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan 1ta GAZ 31 Volga hamda 1ta GAZ 53 avtomobillaridir.

Ushbu avtomobillar nima uchun o‘z vaqtida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobdan chiqarilmagani, haligacha hokimlik balansida ushlab turilgani noma’lum.

Shuningdek, texnik holati “nosoz” deya ko‘rsatilgan mazkur transport vositalari ta’mirlangudek bo‘lsa, xizmatga yaroqli bo‘lish-bo‘lmasligi ham noaniq. Balki, ushbu ko‘rsatuvdan so‘ng viloyat hokimligi bu masalaga oydinlik kiritar...

Ko‘cha-ko‘yda amaldorlarning xizmat avtomobillari “tonirovka” qilinganiga ko‘z tushadi. Jumladan, viloyat hokimlari ham oynalari qoraytirilgan mashinalarda yurishadi.

Xo‘sh, oddiy fuqarolar uchun pulli qilib qo‘yilgan bu qulaylik hokimlar uchun tekinmi yoki pulli?

Agar pulli bo‘lsa, viloyat hokimlari xizmat mashinalarini o‘z yonidan “tonirovka” qildiradimi yoki soliq to‘lovchilar hisobidan?

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Biroq Toshkent viloyati hokimligi saytidagi Ochiq ma’lumotlar bo‘limidan bu savollarga javob topilmadi.

Keling, shu o‘rinda hokimlik hisobidagi xizmatga yaroqli avtomobillar qaysi yillarda ishlab chiqarilganini tahlil qilib ko‘ramiz.

2009 va 2011 yillarda ishlab chiqarilgan hamda viloyat hokimiga biriktirilgan Mercedes Benz hamda Toyota Land Kruzer Prado hokimlikdagi eng eski mashinalar hisoblanadi.

Hozirga qadar ushbu avtomobillar mos ravishda 158 ming hamda 320 ming km yo‘l bosgan. Viloyat hokimining uchinchi xizmat mashinasi – yana bir Mercedes 2018 yilda xarid qilingan, biroq o‘tgan uch yil ichida u qancha yo‘l yurgani noma’lum.

Toshkent viloyati hokimligi 2018 yilda yana ikki mashina sotib olgan. Bular – viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari foydalanayotgan Captiva-2 va viloyat hokimining Xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisiga biriktirilgan Lacetti avtomobillaridir.

2019 va 2020 yillarda beshtadan avtomashina xarid qilingan. Jumladan, o‘tgan yili viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari uchun Malibu-2, hokim o‘rinbosarlari uchun 2ta Lacetti, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi uchun Nexia-3, mehmonlar uchun mikroavtobus sotib olingan.

Hokimlik saytida 2019 va 2020 yillarda sotib olingan avtomobillar uchun qancha mablag‘ sarflangani haqidagi ma’lumotlar keltirilmagan. Bundan tashqari, surishtiruv davomida 2020 yilda hamda 2021 yilning o‘tgan davrida Toshkent viloyati hokimligi tasarrufidagi xizmat mashinalarining yonilg‘i-moy, ta’mirlash va boshqa xarajatlari uchun qancha mablag‘ sarflanganiga oid ma’lumotlarga duch kelmadik.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid