O‘zbekiston | 07:47 / 19.11.2021
27518
2 daqiqa o‘qiladi

Davron Hidoyatov oxirgi ish kunida hokimlikning “Captiva”sini Ekologiya boshqarmasiga “sovg‘a qildi”

Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi sifatidagi so‘nggi qarorlaridan biri hokimlik balansidagi “Captiva”ni viloyat ekologiya boshqarmasi balansiga o‘tkazish haqida. Biroq bu hujjatga asos qilib olingan hukumat qarori allaqachon o‘z kuchini yo‘qotgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati hokimining 2021 yil 18 noyabr kuni qabul qilingan qarorida viloyat hokimligi balansidagi 2015 yilda ishlab chiqarilgan “Chevrolet Captiva” rusumli, davlat raqami belgisi 10 004 TVH bo‘lgan xizmat avtomashinasi davlat raqami bilan birga Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi balansiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

E'tiborli jihati, Davron Hidoyatov tomonidan qabul qilingan qarorda asos sifatida keltirilgan Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda yengil xizmat avtomashinalaridan foydalanishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2011 yildagi 153-sonli qarori, Hukumatning 2021 yil 29 apreldagi 258-sonli qaroriga asosan, 2021 yil 1 iyuldan o‘z kuchini yo‘qotgan.

Hokim qarorini qabul qilishda viloyat hokimligi yuridik xizmati tomonidan e'tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Sababi, prezidentning 2017 yil 19 yanvardagi 2733-sonli qaroriga asosan, davlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borishga davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari mas'ul etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Davron Hidoyatov 2021 yil 18 noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod qilinib, Chirchiq shahriga hokim etib tayinlandi.

Bundan avvalroq, Kun.uz Navoiy viloyatining sobiq hokimi Qobul Tursunov oxirgi ish kunida o‘z farmoyishi bilan 22,5 mlrd so‘m “tarqatgani”, bu “saxiylik” ayrim savollarni yuzaga keltirgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid