O‘zbekiston | 19:55 / 17.12.2021
16321
3 daqiqa o‘qiladi

Quvasoy shahriga yangi hokim tayinlandi

Bugun, 17 dekabr kuni xalq deputatlari Quvasoy shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.  Sessiyada viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va ayrim rahbarlarning prezident amalga oshirayotgan islohotlarni to‘g‘ri tushunib yetmayotganini tanqid ostiga oldi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

«Endi quruq raqam uchun emas, albatta, natija uchun ishlaydigan davr keldi», dedi viloyat rahbari. 

Quvasoy shahri ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, ko‘plab sohalarda oqsoqlik kuzatilayotgani, hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturlari ijrosi qoniqarsiz ekanligi, sanoat, tadbirkorlik uchun qulay infratuzilma mavjud bo‘lsa-da, shaharda ishsizlik muhim muammolardan biriga aylangani, ko‘p qavatli uylar qurilishi, qishloq xo‘jaligi o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, shahar sektor rahbarlari ishlari ham nazoratda ekani, ular ish faoliyatini yanada jonlantirishi zarurligi aytib o‘tildi.

Sessiyada lavozimidan ozod etilgan Ravshan Rahimjonov o‘rniga shaharning yangi hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

  • R.Rahimjonov 2020 yil 4 apreldan buyon Quvasoy shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Zafarjon To‘raqulov nomzodi Quvasoy shahar deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va Zafarjon To‘raqulov shahar hokimi etib tasdiqlandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Zafarjon To‘raqulov 1974 yilda Buvayda tumanida tug‘ilgan. 1996 yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.

1996-1998 yillar - Farg‘ona viloyati «Zafar» xususiy firmasi rahbari, 1998-2001 yillarda Farg‘ona viloyati «Shodlik» fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib faoliyat olib borgan. 2001-2002 yillarda «Paxta-bank» aksiyadorlik-tijorat banki Farg‘ona viloyati Yangiqo‘rg‘on bo‘limi yetakchi mutaxassisi bo‘lgan bo‘lsa, 2002-2008 yillarda «Universalbank» xususiy ochiq aksiyadorlik tijorat bankida turli lavozimlarda ishlagan.

2008-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan. 2010 yildan yana «Universalbank» xususiy ochiq aksiyadorlik tijorat bankidagi faoliyatini davom ettirib, 2012 yilda «Universalbank» xususiy ochiq aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi etib tayinlangan.

Mavzuga oid