O‘zbekiston | 15:37 / 17.12.2021
32739
9 daqiqa o‘qiladi

Statistika qo‘mitasi orginfo.uz sayti asoschisi ustidan IIVga shikoyat kiritdi

Korxona va tashkilotlar to‘g‘risida ochiq ma’lumotlar joylanadigan sayt egasiga ma’muriy ish ochilgan. Statistika qo‘mitasi ochiq manbalardan boshqalar foydalanishiga nega yo‘l bermoqchi emas?

Yuridik shaxslarning elektron reyestrini yurituvchi Orginfo.uz sayti asoschisiga nisbatan ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochildi.

Ish ochilishiga Davlat statistika qo‘mitasi kiritgan ariza sabab bo‘lgan.

Saytni dasturchi Boburmirzo Hamroqulov 2021 yil yanvar oyi boshida ochgan. Uning Kun.uz'ga aytishicha, bu platforma Statistika qo‘mitasi rasmiy saytiga joylangan korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan.

“Statistika qo‘mitasi saytida STIR raqami yordamida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlar haqida ma’lumotlar olish mumkin. Bularning hammasi – ochiq ma’lumotlar. Men shu ma’lumotlarning (STIR raqamlarini) barchasini ko‘chirib olib, ularni korxona rahbari ism-sharifi, yuridik shaxs nomi, ta’sischilari bo‘yicha ham qidirish imkonini beruvchi qulay sayt yaratdim.

Buni qilishdan men hech qanday moddiy manfaat ko‘zlamaganman yoki biror yomon maqsadim ham yo‘q. E’tibor qilsangiz, sayt anonim ochilgan emas, balki .uz domeniga joylashtirilgan. Agar yomon niyatim bo‘lganida, o‘z shaxsimni yashirish uchun uni .org yoki .info kabi xorijiy serverlarga ham joylashim mumkin edi. Shuningdek, platformada reklama ham yo‘q.

Men saytni ishga tushirgan vaqtimda IT sohasida magistraturada ta’lim olardim. Bu saytni yaratishimdan maqsad – keyinchalik yirik kompaniyalar, ish beruvchilarga ko‘rsatishim uchun portfolioda o‘zim yaratgan turli dasturiy mahsulotlarni jamlab boraman.

Qo‘mita saytida esa korxonalar haqida ma’lumot qidirish unchalik qulay emas – buning uchun siz o‘sha korxonaning STIR raqamini bilishingiz kerak”, – deydi Boburmirzo Hamroqulov.

Dasturchining aytishicha, avgust oyida Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi uni chaqirib, Davlat statistika qo‘mitasi uning ustidan arz qilganini ma’lum qilgan.

Qo‘mita da’vosiga ko‘ra, orginfo.uz saytida Davlat statistika qo‘mitasi manba sifatida ko‘rsatilib, keltirilgan ma’lumotlar ba’zida rasmiy manbaga muvofiq kelmay qolgan. Chunki O‘zbekistondagi yuridik shaxslar va korxonalarga doir ma’lumotlar tinimsiz o‘zgarib turadi.

Shundan so‘ng dasturchi o‘zi yaratgan saytdagi ma’lumotlar har 10 kunda Statqo‘m ma’lumotlariga asosan yangilanib turishini ta’minlagan hamda stat.uz'dagi rasmiy bazadan bir necha kun kechroq yurishi haqida ogohlantirish yozib qo‘ygan.

IIV Kiberxavfsizlik markazidagi suhbatdan 3 oy vaqt o‘tib, joriy yil 17 noyabr kuni Boburmirzo Hamroqulov o‘zi yashaydigan Andijon viloyati Asaka tumani IIBga chaqirilgan. IIB xodimlari unga nisbatan vazirlikdan kelgan xat asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2 moddasi bilan ma’muriy ish ochilganini hamda ish sudga oshirilishini bildirgan.

Kun.uz bilan gaplashgan Davlat statistika qo‘mitasi Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Shahboz Jonodilov qo‘mita ma’lumotlari barcha uchun ochiqligini, hamma undan bemalol foydalanishi mumkinligini ta’kidladi. Lekin qo‘mita bilan orginfo.uz saytiga ma’lumotlarni olib joylash bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

“Davlat statistika qo‘mitasidagi ma’lumotlarni orginfo.uz saytiga olib joylash bo‘yicha hech qanday shartnoma ham, kelishuv ham bo‘lmagan. Bilmadim, bu dasturchi ma’lumotlarni qayerdan olgan. Bizniki bo‘lmagan ma’lumot uchun bizni manba sifatida ko‘rsatgan. Natijada ma’lumot qidirganda ikki xil narsa chiqsa, investorlar va boshqalarda ishonchsizlik paydo bo‘lishni boshlagan va bizga so‘rovlar kelgan.

Biz har bir so‘rovchiga alohida javob berib o‘tirmaymiz-ku. Shuning uchun “O‘zkomnazorat”ga qo‘mita nomidan ma’lumot tarqatayotgan shaxsni aniqlab, chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish yuzasidan xat chiqardik.

Biz bu saytning ishlashiga qarshi emasmiz, lekin qo‘mita bilan kelishmasdan uni manba sifatida ko‘rsatilishi va yolg‘on ma’lumot tarqatilishiga qarshimiz”, – dedi Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimi Shahboz Jonodilov.

Davlat statistika qo‘mitasi binosi

Qo‘mita vakili stat.uz'dagi reyestr orginfo.uz saytidagi kabi foydalanishga qulaylashtirilishi borasidagi savolimizga:

“Bu borada texnik xodimlarimiz va dasturchilarimiz ishlayapti. Bizda ham shunday qulayliklar bo‘lishi kutilmoqda, lekin qachon ishga tushishi ma’lum emas”, – deya javob berdi.

Andijon viloyati IIB axborot xizmati boshlig‘i Sherzodbek Nuriddinov Kun.uz so‘roviga javoban fuqaro Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan IIV Tezkor hamkorlik boshqarmasining 2021 yil 17 iyundagi xatiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.

“Fuqaro tomonidan 2021 yilning yanvar oyida orginfo.uz nomli sayt yaratib, ushbu veb-sayt tomonidan manba sifatida Davlat statistika qo‘mitasini ko‘rsatgan holda, yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z veb-saytida eski, bugungi kun haqiqatiga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatgani aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaro B.Xamroqulov o‘zining orginfo.uz veb-sayti va qo‘mita o‘rtasida hech qanday shartnoma yoki kelishuvning mavjud emasligi, buning natijasida jamiyatda fuqarolar hamda xorijiy investorlar tomonidan rasmiy statistik ma’lumotlarga nisbatan turli xil tushunmovchilik hamda fikrlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan”, – deyiladi viloyat IIBB bergan rasmiy izohda.

Shuningdek holat yuzasidan dasturchiga nisbatan Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda sud muhokamasi bo‘lishi kutilmoqda. IIBB rasmiysi sud qachon bo‘lishi ma’lum emasligini bildirdi.

Bir tomondan Davlat statistika qo‘mitasining keltirgan vajlari qanchalik o‘rinli ekani ham savol ostida. Katta ochiq ma’lumotlar bazasiga egalik qiluvchi qo‘mita nega ma’lumotlar bazasidan foydalanishni qulay qilib qo‘ymagan?  Balki shunda mas’ullar aytmoqchi “ishonchsizlik bildirayotgan investorlar” ma’lumotni orginfo.uz'dan emas, balki rasmiy saytdan olgan bo‘larmidi?

Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda mustaqil OAV va blogerlar platformada keltirilgan ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda hokimiyat tizimidagi manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yayotgan amaldorlar va ularning yaqinlariga doir ko‘plab ma’lumotlarni jamoatchilikka ochiqlab kelmoqda. Balki shunday ochiqlik kimlargadir yoqmayotgandir, ehtimol.

Ma’lumot uchun aytish joizki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 202-2-modda (Yolg‘on axborot tarqatish) kiritilganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Ushbu moddada har qanaqangi yolg‘on axborot emas, aynan “shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan” yolg‘on axborotni tarqatish haqida gap boradi.

Davlat organining rasmiy saytidagi ochiq ma’lumotlarni o‘zi yaratgan saytda joylab borayotgani, boz ustiga unda biror kimning qadr-qimmati kamsitilishi yoki obro‘sizlantirilishiga olib keladigan ma’lumotlar saqlanmasligi qo‘mitaning da’vosi va ichki ishlar organining bu xatti-harakatlarini shubha ostida qoldiradi.

Kun.uz suhbatlashgan bir necha huquqshunos voqealarning bu tarzda tus olganiga munosabat bildirarkan, Statistika qo‘mitasi nari borsa mualliflik huquqiga da’vo qila olishi mumkinligi, IIBning fuqaroga qo‘yayotgan ayblovi noto‘g‘ri ekanini aytdi.

Kun.uz voqealar rivojini, xususan dasturchi ustidan sud jarayonini yoritib boradi.

Farrux Absattarov

Mavzuga oid