
Arxiv foto: Tatiana Dudarenko
Toshkentdagi Mustaqillik maydonida joylashgan ma'muriy binoni ta'mirlash va uning yonidagi favvora ostiga avtoturargoh qurish 431,5 milliard so‘mga tushishi mumkin. Bu haqda davlat xaridlari portaliga ma'lumot joylangan.
Markaziy bankning 12 apreldagi kursiga asosan, 431,5 mlrd so‘m – 41 mln dollardan ortiqni tashkil etadi.
Ushbu yirik davlat buyurtmasi «Trest–12» AJga berilgan. Ushbu kompaniya ta'sischilari orasida qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va turmush o‘rtog‘i ham bor.

«Gazeta.uz»ning yozishicha, Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi 2019 yil 9 iyul kuni «Trest-12» kompaniyasi bilan buyurtma shartnomasi imzolagan. Shartnoma imzolangan vaqtda loyiha qiymati 207,82 milliardga baholangan, uni tamomlash sanasi esa 2020 yil 31 dekabrga ko‘rsatilgan. Moliyalashtirish manbasi to‘liq davlat budjeti hisobidan.
2021 yil 29 mart kuni tomonlar shartnoma qiymatini 431,52 milliard so‘mga oshirishni ko‘zda tutuvchi qo‘shimcha shartnoma tuzgan. Mablag‘ning 113,6 mlrd so‘mi 2019-2020 yillarda to‘lab berilgan.
2GIS servisi xaritasiga ko‘ra, Sharof Rashidov shohko‘chasidagi 5-uy –Mustaqillik maydonidagi «Ezgulik» arkasi va Vazirlar Mahkamasi orasida joylashgan 14 qavatli ma'muriy bino. Ilgari bu yerda Moliya, Xalq ta'limi va Madaniyat vazirliklari joylashgandi.


















