O‘zbekiston | 19:35 / 22.01.2022
29034
5 daqiqa o‘qiladi

Asosiy hamkorlar, oltin va mashinalar - O‘zbekistonning 2021 yilgi tashqi savdosi

O‘zbekiston qaysi davlatlar bilan savdo qiladi, eng yaqin hamkorlarimiz kim, nimalar sotamiz va sotib olamiz, qancha oltin sotamiz-u, qancha mashina sotib olamiz?

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2021 yildagi tashqi savdo aylanmasi va balansiga doir hisobotni taqdim etdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston 2021 yilda 182 davlat bilan jami 42,1 milliard dollarlik savdo qilgan. Bu 2020 yil – 36,2 milliard dollarga nisbatan yuqoriroq ko‘rsatkich hisoblansa-da, lekin pandemiyadan avval – 2019 yilda tashqi savdo aylanmasi 41,7 milliard dollar bilan solishtirganda o‘sish unchalik yuqori bo‘lmaganini ko‘rishimiz mumkin.

Tashqi savdo balansining 25,5 milliard dollari import va 16,6 milliard dollari eksportni tashkil qilmoqda.

Tushunarliroq tilda aytsak, 25 milliard dollarlik mahsulot va xizmatlar sotib olgan bo‘lsak, 16 milliard dollar mahsulot va tovarlar sotganmiz. Ya’ni chetdan sotib olganlarimiz sotganlarimizdan deyarli 9 milliard dollarga ko‘proq.

Kimlar bilan savdo qilamiz?

Rossiya yil yakunlari bo‘yicha so‘nggi 3 yildan buyon tashqi savdodagi eng yirik hamkorimiz Xitoyni quvib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Demak, 7,5 milliard dollarlik savdo aylanmasi bilan Rossiya 2021 yilda O‘zbekistonning eng katta sherigi bo‘lib turibdi

Keyingi o‘rinda Xitoy: ikki tomonlama tovar ayriboshlash hajmi 7,4 milliard dollar (O‘zbekiston tomonining raqamlari).

O‘tgan oyda ikkinchi ittifoqchimizga aylangan Qozog‘iston savdodagi 3 raqamli hamkorimiz bo‘lib turibdi. Tovar ayirboshlash hajmi 3,9 milliard dollar.

Keyingi o‘rinda Turkiya – so‘nggi yillarda faol tashqi siyosat olib borayotgan Kichik Osiyo mintaqasining yetakchisi bilan tashqi savdo aylanmasi 3,4 milliard dollarga yaqin.

Tashqi savdoda milliard dollik marradan oshgan so‘nggi hamkorimiz Janubiy Koreya hisoblanadi. Aylanma 1,9 milliard dollarga yaqin.

Ushbu 5 ta mamlakat O‘zbekiston tashqi savdosida 55 foizdan ortiq ulushga ega. Undan keyingi o‘rinlardagi Qirg‘iziston, Turkmaniston, Germaniya, Ukraina va Afg‘oniston top o‘nlikni yakunlaydi.

E’tibor qilishimiz kerak bo‘lgan nuqta, tashqi savdodagi asosiy 20 ta hamkorlarimizning faqat 3 tasi: Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan savdo ijobiy balans kuzatilgan, qolgan 17 asosiy sheriklarimizdan esa biz ko‘proq import qilamiz.

Umuman, 2021 yilda tashqi savdo manfiy saldosi 8,9 mlrd dollarga yetgan. Bu – antirekord ko‘rsatkich sanaladi.

2021 yil davomida tashqi savdodagi eng faollik noyabr oyida kuzatilgan, 5 milliard dollardan ortiq savdo bo‘lgan.

Hududlar miqyosida tashqi savdoda eng faol Toshkent shahri, Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘lgan bo‘lsa, Surxondaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlari eng passiv bo‘lgan.

Nimalar sotamiz?

O‘zbekiston 2021 yilda 16,6 milliard dollari eksport qilgan bo‘lsa, uning asosiy qismini sanoat tovarlari, oltin, xizmatlar va oziq-ovqat mahsulotlari tashkil qiladi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yili 4,3 milliard dollarlik sanoat tovarlari, 4,1 milliard dollarlik oltin, 2 milliard dollarlik xizmatlar va 1,3 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar sotilgan.

Oltin borasida

Garchi oltin borasidagi statistik ma’lumotlar batafsil keltirilmagan bo‘lsa ham, avvalgi yillarga qaraganda oltin sotishdan kamroq daromad olinganini ko‘rish mumkin. Masalan, 2020 yilda O‘zbekiston eksportida oltin eng yuqori ulushga ega bo‘lgan, 5,8 milliard dollarlik oltin sotilgan. 2019 yilda esa 4,9 milliard dollarlik oltin sotilgan.

Shuningdek, kimyoviy va mineral mahsulotlar, mashinalar va transport uskunalari, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda turli xil tayyor buyumlar ham sotilgan.

2021 yildagi meva-sabzavotlar eksportida esa uzum, mosh, gilos, pomidor, shaftoli va xurmo yetakchilik qilmoqda.

Nimalar sotib oldik?

Statistik ma’lumotlar, 2021 yil O‘zbekiston importida eng ko‘p ulush mashinalar va transport asbob uskunalariga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatmoqda – 32,4 foiz. Bu 8 milliard dollardan ortiq degani.

O‘zbekiston eng ko‘p sotib oladigan mashinalar va asbob-uskunalar Xitoy, Koreya, Rossiya, Turkiya va Germaniya hisobiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, sanoat tovarlari, kimyoviy vositalar, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar hamda xizmatlar hissasi ham importimizda yuqori o‘rinlarga ega.

Farrux Absattorov tayyorladi.

Mavzuga oid