Sport | 13:46 / 24.01.2022
21736
2 daqiqa o‘qiladi

Shohjahon Ergashev bokschilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi

Foto: O‘BF

O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 30 yoshli charm qo‘lqop ustasi bu haqda «instagram»dagi sahifasida ma’lum qilgan.

«Uzoq vaqt uyda bo‘lmadim va otam meni uyga kelishimni so‘radi. Otam bilan juda ham ko‘p suhbatlashdik, oz bo‘lsa ham bosib o‘tgan yo‘llarimizni yodga oldik. Men 29 yoshdaman va bugun birinchi marotaba otam sportdagi faoliyatimni yakunlashimni so‘radi. Hamma narsani boshi va oxiri bo‘lganiday sport ham abadiy emas. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman! Men hayotimda yangi sahifa ochyapman! Boksni butkul tashlamayman va bir kun yana ringda bo‘lsam, faqatgina o‘zim uchun ringda bo‘laman. O‘zimni yangi sohada sinab ko‘raman, ammo bu sport sohasi emas. Barchaga omad!», - deya yozadi Shohjahon Ergashev.

Foto: Shohjahon Ergashev 

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik 30 yoshli bokschi 11 dekabr kuni professional boksning super yengil vazn toifasida o‘zining 21 jangini tailandlik Aekkaueye Kaumanega qarshi o‘tkazib, nokautga uchratgan holda muddatdan avval mag‘lub etgandi. Shohjahon Ergashev professional boksdagi 21 jangining barchasida g‘alaba qozongan, 19 marta raqibini nokautga uchratgandi.

Mavzuga oid