Marhamatda xususiy mulkka chang solinmoqda. Hokimlikka sudlar “ko‘maklashyapti”
Onlayn auksionda sotib olingan obekt hokimlikning da’vosi bilan qaytarib olinadigan bo‘lib turibdi. Hokimlik himoyasidagi ko‘zga ko‘rinmas “tadbirkor”lar masalani hal qilishda sudlarga ta’sir o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin.
Asaka tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 6 yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan, “Asaka parranda” MChJ bankrot deb e’tirof etilib, korxonani tugatishga doir ish yurituv boshlanadi.
Sud boshqaruvchisining so‘roviga javoban Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat boshqarmasi “Asaka parranda” MChJ balansida infratuzilma obektlari mavjud emasligini ma’lum qiladi.
Shunga asosan, 2010 yildan beri korxona mulki bo‘lib kelgan “O‘qchi” suv olish inshooti kreditorlar ruxsati bilan ochiq auksion savdolariga joylashtiriladi va sotiladi.
2020 yil 26 noyabrda o‘tkazilgan onlayn auksionda Jasurbek Mamayunusov jami 1 mlrd 159 mln so‘mga “Asaka parranda” MChJ balansidagi obektlarni sotib oladi. Shu kuni unga OA 103-037526-sonli va OA 103-037514-sonli g‘oliblik bayonnomalari rasmiylashtirib beriladi.
O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir hokimlik
Bankrotlik ishi-yu, tugatilayotgan korxonaga umuman aloqasi bo‘lmagan Marhamat tuman hokimligi auksionda sotilgan suv inshootini infratuzilma obekti deb hisoblab, kreditorlar yig‘ilishi qarorini hamda “Ye-ijro” auksion g‘oliblik bayonnomasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi kiritadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudi 2021 yil 28 iyundagi hal qiluv qarori bilan hokimlik arizasini to‘liq qanoatlantirib, kreditorlar yig‘ilish qarorini hamda “Ye-ijro” auksion g‘oliblik bayonnomasini haqiqiy emas deb topadi.
Hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, javobgarlar Mamayunusov Jasurbek va “Asaka parranda” MChJ tugatish boshqaruvchisi apellyatsiya shikoyati keltiradi. Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 17 sentyabr kunidagi ajrimi bilan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirishdan rad etiladi.
Javobgarlar Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, quyi instansiya sudlari qarorlarini bekor qilishni so‘raydi. Ammo ish oliy Oliy sudda ham o‘zgarishsiz qoladi.
Sudlar nega dalillarni inkor qilmoqda?
Sud qarorlarida 2018 yilda Andijon viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida Marhamat tumani Istiqlol massivida joylashgan suv saqlash inshooti orqali qiymati 3 mlrd 108 mln so‘m bo‘lgan, 3,16 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i qurilgani aytiladi. Bu orqali go‘yoki suv olish inshootiga davlat tomonidan “o‘tkazib qo‘yilgani”ga sha’ma qilinadi.
Biroq buni qarangki, injiniring kompaniyasining 2021 yil 27 oktyabrdagi xatida Marhamat tumani Istiqlol massivida kompaniya tomonidan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmagani ma’lum qilinadi.
Shuningdek, sudlar “O‘qchi” suv olish inshootini “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning 130-moddasi 8-qismiga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlariga topshirilishi kerak, deb topgan. Qonunda qarzdorning balansida belgilanganidan boshqa maqsadda, shu jumladan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lmagan ijtimoiy va kommunal infratuzilma obektlari bo‘lsa, qarzdor bankrot deb e’lon qilingan paytdan e’tiboran bir oylik muddat ichida ular qoldiq qiymati bo‘yicha tugatish boshqaruvchisi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga topshirilishi belgilangan.
Ammo suv inshooti “Asaka parranda” MChJ tomonidan parrandachilik maqsadida ishlatib kelingani inobatga olinsa, uni tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘lmagan infratuzilma obekti, deyish qanchalik to‘g‘ri?
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 18 apreldagi 188-sonli qarorining 1-bandida bankrotlik tartiboti qo‘llanilgan korxonalar o‘z balansidagi infratuzilma obektlarini – mahalliy davlat hokimiyati organlariga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi taqdimnomasiga ko‘ra topshirishi belgilangan. Bu qaysi mulk infratuzilma obekti ekanini Agentlik aniqlashi kerakligini nazarda tutadi.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 maydagi 291-sonli qarorida respublikada tashkilotlarga foydalanish uchun berilgan infratuzilma obektlarining ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ularda “Asaka parranda” MChJga qarashli bo‘lgan “O‘qchi” suv inshooti qayd etilmagan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Andijon viloyat boshqarmasi “Asaka parranda” MChJ balansida infratuzilma obektlari mavjud emasligini ma’lum qilganiga qaramay, sudlar ushbu obektni infratuzilma obekti, deb hisoblayotgani o‘ta bahsli va shu bilan birga g‘oyatda shubhali masala.
Murojaatchilarning aytishicha, sud qarorlarini bir tomonlama, dalillarni inkor qilgan holda qabul qilinishiga mana shu mulkka ega chiqishni istayotgan ayrim shaxslar hokimlik va sudlardan g‘ayriqonuniy tarzda foydalanmoqda.
Auksiondan mulk sotib olgan tadbirkorning sudma-sud sarson qilinayotgani O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligi og‘riqli nuqtalaridan biri bo‘lib qolayotganini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.
Hozirda sudlarning mantiqsiz qarorlari ortidan arosatda qolgan tadbirkor bor umidini Oliy sudning takroriy kassatsiya instansiyasiga qaratgan. Ular albatta adolat qaror topishiga umid qilishmoqda.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:45 / 19.11.2024
Madaniy meros agentligi Andijondagi Bobur haykalini ko‘chirish bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi
10:40 / 19.11.2024
Andijonda Bobur haykalini ko‘chirib, o‘rniga savdo majmuasi, ko‘ngilochar markazlar qurish rejalashtirilmoqda
21:10 / 18.11.2024