O‘zbekiston | 16:27 / 05.02.2022
5336
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda 220 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan

2021 yilda Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 38 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, ular vazifasidan ozod etilgan. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Getty Images

Kengash ma’lumotiga ko‘ra, vazifasidan ozod etilgan 38 nafar sudyadan 19 nafari sudyalik qasamyodi va “Sudyalar odobi kodeksi” talablarini buzgani uchun, 8 nafari o‘z xohishiga ko‘ra, 8 nafari boshqa ishga o‘tgani uchun, 3 nafari esa vafot etgani munosabati bilan vakolati muddatidan ilgari tugatilgan. Shuningdek, 2021 yilda 220 nafar sudya boshqa turdagi intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Kengashning ma’lum qilishicha, 2022 yildan boshlab tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali sudyalarning mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida intizomiy javobgarlikka tortilgan sudyalar haqida muntazam ochiq axborot berib boriladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning 3 fevral kuni bir qator sudyalar yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va mas’uliyatsizligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, kengash qarori bilan:

  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining sudyalari A.Bahromov va H.Saidov;
  • Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi F.Murodov;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sud sudyasi Sh.Amirov;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi sudyasi A.Jabborov;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi sudyasi Sh.Abdijyemilova;
  • jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi sudyalari I.Kalniyazov va M.Bekimbetov;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudi sudyasi D.Shomatova;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi J.Bobonazarov intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Mavzuga oid