Jahon | 15:18 / 21.02.2022
14962
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Xavfsizlik kengashining rejadan tashqari yig‘ilishini chaqirdi

Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi mavzusi haqida ma’lumot berilmadi.

Foto: SERGEI ILYIN/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 fevral kuni Rossiya Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirgan. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan.

«Bu katta xavfsizlik kengashi», - deb ta’kidladi u.

Jurnalistlarning Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi shoshilinch yoki odatiy ekani borasidagi savoliga javoban prezident matbuot kotibi bu yig‘ilishni «doimgi emas»ligini aytgan. Yig‘ilish kun tartibidan qanday masalalar o‘rin olgani haqidagi savolga Dmitriy Peskov javob qaytarmagan.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin dushanba kuni «yana bir necha xalqaro telefon muloqotlari» rejalashtirgan.

Qonunchilik tayyorlanmoqda

O‘tgan haftada 22 fevral kuni Federatsiya kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazilishi xabar qilingandi. Rasmiy xabarga ko‘ra, senatorlar Vatan himoyachilari kuni arafasida harbiy xizmat faxriylari uchun pensiya miqdorini ko‘tarish haqidagi qonunni muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo ko‘plab politologlar parlament yuqori palatasining navbatdan tashqari chaqirilishi Rossiya va Ukraina chegarasidagi vaziyat keskinlashuvi bilan bog‘liqligini aytishgan.

22 fevral kuni Davlat dumasi yig‘ilishi ham o‘tkaziladi, avvalroq deputatlar prezidentga o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgna DXR va LXRni tan olishni so‘rab murojaat qilgandi.

DXR va LXR vakillarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Rossiya va Ukraina chegarasidagi vaziyat yanada keskinlashgan. Rusparast ayirmachilar ukrainalik harbiylar ularning pozitsiyalariga hujum qilishga tayyorlanayotganini iddao qilishgan.

Dushanbaga o‘tar kechasi, LXR vakilining ma’lum qilishicha, Ukraina armiyasi o‘t ochishi oqibatida tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgan va turar joy vayronaga aylangan. Shuningdek, Donetsk aeroporti hududidagi portlash va artilleriya o‘q-dori ombori portlatilgani haqida xabarlar berilgan - bu ishlar «dushmanning diversiya guruhlari bostirib kirishi» oqibatida ro‘y bergani aytilgan.

Kiyev o‘t ochayotgani va harbiy faollikka kirishgani haqidagi xabarlarni rad etib, Moskva tomonidan qo‘llanadigan ayirmachilarni eskalatsiya uchun bahona tayyorlash maqsadida provokatsiya qilayotganlikda ayblagan.

O‘tgan haftada Donbassning DXR va LXR nazoratidagi hududlaridan aholini evakuatsiya qilish boshlandi. DXR hukumati Rossiyaga 700 mingga yaqin kishini evakuatsiya qilish rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Dushanba kun holatiga ko‘ra, Rossiya chegarasidan 61 ming qochqin o‘tgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid