Jahon | 11:12 / 23.02.2022
41675
9 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar Putinga armiyadan xorijda foydalanishga ruxsat berdi

Rossiya Federatsiyasi kengashi bir ovozdan prezident Vladimir Putinning murojaatini qo‘llab-quvvatladi va mamlakat qurolli kuchlaridan xorijda foydalanish uchun ruxsat berdi. Bu Rossiya prezidenti DXR va LXRni tan olishi bilan bog‘liq. Putinning tegishli farmonlariga ko‘ra, Rossiya Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarga harbiy yordam ko‘rsatadi.

Foto: STRINGER/TASS

Putinning rus armiyasidan xorijda foydalanish uchun ruxsat so‘rab Federatsiya kengashiga murojaat qilgani haqida senatorlar ovoz berish jarayoniga kirishidan bir necha daqiqa oldin ma’lum bo‘ldi. Avvalroq seshanba kuni parlamentning yuqori palatasi yopiq yig‘ilish o‘tkazishi haqida xabarlar tarqalgandi. Keyin bu yig‘ilishni ochiq o‘tkazishga qaror qilishdi va jarayon Federatsiya kengashi saytida namoyish etildi.

Putinning shunday murojaati haqida spiker Valentina Matviyenko xabar berdi. Keyin senatorlar qarshisida mudofaa vaziri o‘rinbosari Nikolay Pankov chiqish qildi, Putin uni o‘zining rasmiy vakili sifatida tanlagan. U Donbassdagi vaziyat keskinlashayotgani va Rossiya bu hududdagi aholini o‘z himoyasiga olishi kerakligi haqida gapirdi.

Keyin konstitutsion qonunchilik qo‘mitasiga raislik qiluvchi senator Andrey Klishas qurolli kuchlardan xorijda foydalanish bo‘yicha murojaat 22 fevral kuni kelib tushganini ma’lum qildi. Bu murojaat bir kun oldin qabul qilingan qaror bilan bog‘liq.

Dushanba kuni Putin millatga telemurojaatida Donbassda o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar - DXR va LXRni tan olish qarori haqida ma’lum qilgandi. Uning bayonoti rossiyaliklarning Ukrainaga bosqini ro‘y berishi haqida oylar mobaynida yangrab kelgan xavotirlar davomida ro‘y berdi - bir necha kun oldin go‘yoki ukrainalik harbiylar Donbassni o‘qqa tuta boshlagani va vaziyat keskinlashgani haqida xabarlar tarqatilgandi.

Bu qaror qabul qilingan kun avvalida Putin bu masalani Rossiya Xavfsizlik kengashida muhokama qildi - bu marosim televideniye orqali namoyish etildi (ammo bu jonli efir emasdi). O‘sha kuni kechqurun Rossiya davlat televideniyesida Putin tan olish to‘g‘risidagi farmonlarni, shuningdek DXR va LXR rahbarlari bilan do‘stlik va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolayotgani ko‘rsatildi.

Farmonlarda Rossiya mudofaa vazirligi mamlakat qurolli kuchlari DXR va LXR hududlarida «tinchlik saqlanishi»ni ta’minlashi kerakligi ko‘rsatilgan. Kelishuvlar esa ushbu respublikalar chegaralarini Rossiya bilan birgalikda qo‘riqlashni, shuningdek ushbu hududlardagi harbiy bazalar va harbiy infratuzilmalardan birgalikda foydalanish imkoniyatini ko‘zda tutadi.

«Qurolli kuchlardan xorijda foydalanish bo‘yicha - xo‘sh qanday qilib? Albatta, biz kecha kelishuvlar imzoladik. DXR va LXR bilan tuzilgan bu bitimlarda tegishli punktlar bor, unga ko‘ra biz bu respublikalarga tegishli yordamlarni, jumladan harbiy yordam ko‘rsatishimiz mumkin», - dedi Putin seshanba kuni kechqurun jurnalistlar savollariga javoban.

Seshanba kuni kunduzi avvaliga Davlat dumasida, keyin Federatsiya kengashida bu kelishuvlar ratifikatsiya qilindi. Deputatlar ham, senatorlar ham bir ovozdan kelishuvlarni yoqlashgan.

Yana bir yakdil ovoz berish
 
Kechqurungi yig‘ilishda chiqish qilgan senator Klishas qo‘shinlardan xorijda foydalanish masalasi Federatsiya kengashida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Holbuki Federatsiya kengashining 2006 yil 7 iyuldagi (219-SF), 2009 yil 16 dekabrdagi (456-SF) va 2015 yil 30 sentyabrdagi (355-SF) qarorlari bilan Putinga Federatsiya kengashi ma’qullovisiz ham qurolli kuchlardan xorijda foydalanish huquqi berilgandi.

Klishas murojaat Putinning DXR va LXRni tan olish to‘g‘risidagi farmonlari asosida kelib tushganini aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mintaqada tinchlikni ta’minlash zarurati» tufayli. Uning qo‘mitasi murojaatni qo‘llab-quvvatladi. Farmon matniga ko‘ra, harbiy kontingent hajmi Putin tomonidan belgilanadi.

Mudofaa bo‘yicha qo‘mita raisi, senator Viktor Bondaryov Klishasdan keyin nutq so‘zladi. U ham o‘z qo‘mitasi nomidan «xalqaro huquq normalariga asoslangan holda» qurolli kuchlardan xorijda foydalanish uchun ruxsat berishni tavsiya etdi.

Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi ham rozilik berdi, buni qo‘mita raisi Grigoriy Karasin ma’lum qildi. Hisobot bergan senatorlarning hech birida bu masalada savollar tug‘ilmagan.

Birinchi martasi emas

Shundan so‘ng senator Konstantin Kosachev so‘z oldi va Federatsiya kengashi «shunga o‘xshash qaror» qabul qilishi, jumladan Ukrainaga nisbatan birinchi marta emasligini eslatdi. Senatorlar 2014 yilda ham Putinga armiyadan foydalanishga ruxsat berishgan, shuningdek 2015 yilda Suriyada harbiy amaliyot boshlanishidan oldin shunday bo‘lgandi.

Kosachevning nutqidan anglash mumkinki, Putin harbiylardan foydalanish uchun ruxsat olish orqali Donbassda tinchlikni ta’minlash imkoniga ega bo‘ladi. U so‘nggi sakkiz yil Ukraina xalqi uchun «muhim saboq» bo‘lishini, bu esa «Maydan kabi voqealardan qochish imkonini berishi»ni, shuningdek, o‘z davlatchiligi va suverenitetini qaytarib olishni so‘radi.

Shu kabi ritorika Rossiya Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi vaqtida ham (unda Putin ishtirokchilardan LXR va DXR tan olinishi bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirishni talab etgandi), shuningdek Rossiya prezidentining millatga telemurojaatida ham yangragandi.

Senator Yuriy Vorobev qurolli kuchlardan foydalanish hamisha ham harbiy amaliyotga aylanavermasligi haqida gapirdi. U Rossiya va Donbassdagi respublikalar o‘rtasidagi do‘stlik to‘g‘risidagi kelishuv ratifikatsiyasidan keyin Moskva bu hududlar himoyasini o‘z zimmasiga olganini eslatdi. U Kiyevga buni «himoya choralari» sifatida ko‘rishni taklif etdi.

Spiker Matviyenko ham qurolli kuchlardan foydalanishga rozilik berishni so‘ragan. «Bu tinchlikparvar kuchlar bo‘lishidan kelib chiqishimiz kerak», degan u.

U har bir senator o‘z tanlovini amalga oshirishi mumkinligini ta’kidlagan.

Yakunda 153 senator «ha» deb ovoz bergan, ya’ni barcha bir ovozdan qurolli kuchlardan xorijda foydalanishga ruxsat berishni ma’qullagan. Rozilik Rossiya prezidentiga yuborilgan.

«Men harbiylar bizning siz bilan uchrashuvimizdan keyinoq u yerga yetib boradi demadim. Ehtimoliy harakatlarni oldindan aytib berish mumkin emas. Bu ma’lum joyda kuzatiladigan muayyan vaziyatga bog‘liq», degan Putin jurnalistlar bilan uchrashuvda.

G‘arb mamlakatlari va Ukraina DXR hamda LXR tan olinishini xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi deb atashmoqda va sanksiyalar tayyorlashmoqda. Ular Kremlning keyingi qadami harbiy keskinlik yanada o‘sishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirga tushishmoqda. Bunday holatda yanada qat’iyroq sanksiyalar qo‘llanishi mumkin.

Chegara masalasi

LXR va DXR Ukraina tarkibida bo‘lgan Donetsk va Lugansk viloyatlarining bir qisminigina nazorat qiladi, lekin 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralariga ham da’vo qiladi. 

Federatsiya kengashi yig‘ilishidan keyin Putin Rossiya DXR va LXRni ular Ukraina tarkibida bo‘lgan vaqtdagi chegarasi bilan tan olishini aytdi. Ya’ni Rossiya bugun Kiyev nazoratida bo‘lgan Donetsk va Lugansk viloyatlari yerlari ham DXR va LXRga tegishli deb tan olishini ta’kidladi.

«Biz DXR va LXRni tan oldik, demak barcha fundamental qonunlarini ham tan olamiz. Ularning konstitutsiyasida esa Ukraina hududida bo‘lgan vaqtdagi hududlarini o‘ziniki deb bilishi qayd etilgan. Umid qilaman, chegara masalasi Kiyevning hozirgi rahbariyati bilan birga hal qilinadi. Lekin bu oson bo‘lmasligi aniq», dedi Putin.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Minsk kelishuvi haqida endi unutsa ham bo‘ladi.

«Minsk kelishuvlari murosa bo‘lgan, u barcha tomonlar uchun qiyin edi. Kiyev Minsk kelishuvlarini Rossiya LXR va DXRni tan olishidan oldinroq o‘ldirgandi.

Endi Minsk kelishuvlari ortiq mavjud emas. Axir biz DXR va LXRni tan olib bo‘ldik-ku?» dedi Putin.

Mavzuga oid