Jahon | 18:45 / 28.02.2022
23335
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya yadroviy kuchlari jangovar shay holatga keltirildi

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin tiyib turuvchi kuchlarni shay holatga keltirishga buyruq bergandi.

Foto: Vitaly V. Kuzmin

Rossiyaning Strategik ahamiyatga ega raketa qo‘shinlari, Shimoliy va Tinch okeani flotlari, uzoq masofaga mo‘ljallangan aviatsiya qo‘mondonligi punktlari kuchaytirilgan tarkibdagi jangovar navbatchilik holatiga o‘tdi. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma’lum qildi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat mudofaa vaziri Sergey Shoygu va qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovga tiyib turuvchi kuchlarni shay holatga keltirishga buyruq bergandi.

«Ko‘rib turibsizki, G‘arb davlatlari nafaqat bizga qarshi dushmanlik kayfiyatidagi sanksiyalarni qo‘llamoqda, balki NATOga a’zo davlat rahbarlari davlatimizga qarshi agressiv chiqishlar qilishmoqda. Shu sabab mudofaa vaziri va bosh shtab boshlig‘iga Rossiya armiyasining tiyib turuvchi kuchlarini maxsus jangovar shaylik holatiga keltirishga buyruq beraman», degandi Putin.

Ma’lumot uchun, Strategik tiyib turuvchi kuchlar Rossiya Qurolli Kuchlari jangovar kuchining asosi bo‘lib, Rossiya va uning ittifoqchilariga qarshi tajovuzni to‘xtatish, shuningdek, tajovuzkorlikni yengish uchun turli xil qurollardan, shu jumladan yadroviy quroldan foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid