Qozog‘iston tomoni yanvar oyidagi blekaut sababi bo‘yicha ma’lumot berdi
Joriy yilning 25 yanvar kuni Markaziy Osiyo mamlakatlarida elektr energiyasining ommaviy ravishda uzilishiga O‘zbekiston energetika tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha komissiya shunday xulosaga keldi, deb xabar qilmoqda Qozog‘iston energiya tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi (KEGOC).
Markaziy Osiyo, xususan Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston energiya tizimlari operatorlari vakillaridan iborat «Energiya» muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining maxsus komissiyasi 2022 yil 25 yanvarda sodir bo‘lgan avariyani tekshirishni yakunladi.
Komissiya avariyaga O‘zbekiston elektr ta’minotida yuz bergan uzilish sabab bo‘lganini aniqladi – «shu kuni soat 10:59 da Sirdaryo IES va 500 kV «Toshkent» nimstansiyasini (O‘zbekiston) bog‘lovchi yuqori voltli havo elektr uzatish liniyasining 500 kV elektr tarmog‘i chiziqli ajratkichida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan».
Keyinchalik 1- va 2- 500 kV shina tizimlari differensial himoyasining haddan tashqari ko‘p ishlashi Sirdaryo IESda ishlab chiqarishning sezilarli darajada qisqarishiga, stansiyaga tutash elektr tarmog‘ida bir necha marta uzilishlarga va shimolda 2100 MVt quvvatga ko‘tarilishiga olib kelgani aytiladi.
Qayd etilishicha, «KEGOC» AJ elektr tarmoqlari va Qozog‘iston janubidagi elektr stansiyalarining avariya avtomatlari tizimdagi avariya holatida energiya tizimini ajratish talablarini inobatga olgan holda normal rejimda ishlagan. Buning oqibatida Qozog‘iston janubiy zonasidagi iste’molchilarning to‘liq o‘chirilishi oldi olingan, mamlakat janubidagi iste’molchilarning qariyb 60 foizi elektr energiyasi bilan ta’minlangan.
O‘z navbatida, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ matbuot xizmati rahbari Muhammad Bekmuhammedovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha O‘zbekiston tomonining hukumat komissiyasi xulosasi e’lon qilinganicha yo‘q.
«Bu Qozog‘iston tomonining pozitsiyasi hisoblanadi», dedi u.
Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova bu bo‘yicha hozircha ma’lumot berilmasligini bildirdi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni Qozog‘iston blekaut Sirdaryo IES tufayli ro‘y berganini bildirgandi, O‘zbekiston esa o‘rganish natijalarini kutishga chaqirgandi.
Mavzuga oid
14:18 / 11.11.2024
Kubada blekaut sababli norozilik namoyishiga chiqqanlarga qarshi ish ochildi
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:29 / 29.10.2024
Jizzaxda 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan “metan zapravka” aniqlandi
19:19 / 20.10.2024