O‘zbekiston | 07:50 / 30.03.2022
13660
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda oltin qotishmalarini olib ketayotgan avtomobil to‘xtatib qolindi

Samarqand viloyatida oltin metall qotishmalarini olib ketayotgan avtoulov to‘xtatib qolindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan DXX va YHXB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Fuqaro O.A. boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.N. haydovchi O.A.dan Toshkent shahriga fuqaro E.Q.ga o‘tkazish maqsadida berib yuborilgan og‘irligi 525,9 gramm bo‘lgan umumiy bahosi 358,2 mln so‘mlik 15 dona oltin metall qotishmalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan oldin Samarqandda noqonuniy oltin tozalovchi yana bir guruh ushlangandi.

Mavzuga oid