Jamiyat | 12:38 / 22.04.2022
18109
5 daqiqa o‘qiladi

«San’at asarlarimni chet el muzeyiga qo‘ymoqchiman» – qo‘shtepalik kandakor usta

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Sarmazor mahallasida metalldan yasalgan badiiy buyumlarga bo‘rtma usulda ishlov berish – kandakorlik bilan shug‘ullanuvchi usta hunarmand Akramxon Yunusov istiqomat qiladi. U misdan oftoba, patnis, choy idish, ko‘za, qumg‘on, samovar kabi bejirim mahsulotlar yasaydi.

Akramxon Yunusov dastlab eski buyumlar sotiladigan joyda savdo-sotiq qildi. Uning hunar o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi aynan bozorda shakllandi. Hunarmand bilan suhbatimiz kandakorlik kasbi, uning o‘ziga xos jihatlari haqida bo‘ldi.

«Bir muddat eski buyumlar sotiladigan bozorlarda savdo-sotiq qilib yurdim. Toshkentdagi Yangiobod bozoriga bordim, u yerda sotiladigan san’at asarlarini ko‘rib kandakorlikka qiziqib qolganman.

Yangiobodda misgarlarning ish jarayonlarini ko‘rdim, menda o‘sha yerda hunarmandchilikka ko‘nikma hosil bo‘lgan. Shundan keyin Marg‘ilon shahriga kelib bu hunarni o‘rganmoqchi bo‘lganimda ustozlar kandakorlik murakkab kasbligi, hunarni o‘zlashtirish uchun kamida 5 yil vaqt ketishi haqida ta’kidlashgan. Oilada ro‘zg‘or tebratish mening gardanimda ekanligi bois hunar o‘rganishni ortga surishga majbur bo‘lganman. Sohani o‘zlashtirishga astoydil intilish bo‘lganidan uyda mustaqil ravishda metallarga ishlov berishni o‘rgana boshladim.

Oradan bir oz muddat o‘tib, A’zamxon ismli hunarmandga shogirdlikka tushdim. O‘sha yerda sekin-astalik bilan sohani o‘rgandim», – deydi hunarmand.

Hunarmandning ikki o‘g‘li otasidan kandakorlik san’atini o‘rganishdi. To‘ng‘ich o‘g‘il Muhammadalixon naqsh chizsa, kichigi Muhammadyusufxon idish yasaydi.

«Eski buyumlar sotiladigan bozordan mis lagan, patnis va listlarni topib, uni har xil shaklga keltiramiz. Bu san’at turida qolip va andoza bo‘lmaydi. Masalan bitta choynak o‘rtacha hisobda bir hafta yoki 10 kunda tayyor bo‘ladi.

Katta o‘g‘lim Muhammadalixon naqsh chizib beradi. Kichik o‘g‘lim Muhammadyusufxon idishlar yasaydi. Kelajakda ikki o‘g‘limni yetuk usta qilib yetishtirmoqchiman.

Bu hunarni o‘rganish yo‘lida boshimdan ko‘p qiyinchilik o‘tgan. Ancha-muncha usta-hunarmandlar o‘z san’atini o‘rgatgisi kelmadi. Shunga qaramay, shogird bo‘lib oylab, yillab yurmadim.

Avvalo biror buyum yasashdan avval listni qirqib, uni doira shakliga keltirib olamiz va bir-biriga bog‘laymiz. Chokini esa avtogen yordamida ulaymiz. Ulash jarayonida idish dumaloq shaklga keladi. Dupoyada aylantirib urib chiqamiz. Bolg‘acha yordamiga idishni urib-urib san’at asarini istalgan shaklga keltiramiz. Qopqoq ham xuddi shunday alfozda qilinadi. Jo‘mragini yasash jarayoni murakkabroq.  

Eski buyumlar bozori va odamlarning uyida qolib ketgan qadimiy mis idishlarni sotib olib mahsulot yasaymiz. Sariq listning bir kilogrammini 50-60 ming, qizil mis mahsulotni esa 80 ming so‘mdan sotib olamiz», – deydi u.

Misga o‘yib tushirilgan naqshli idishlar 15 kundan 25 kungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida tayyor holga kelar ekan.

«Men idishlarning “figurasini” chiqarib berganimdan keyin to‘ng‘ich o‘g‘lim kamida 15 kun davomida naqsh o‘yadi. Bir oftobamiz 1 500 000 - 1 800 000 ming so‘mdan sotilyapti. 20-25 kunda bitadigan ko‘zli bejirim mahsulotlarni esa 2 million -2 yarim million so‘mdan sotyapmiz. Asarlarim orasida eng qimmati – 6 ta piyola va bitta lagani bilan uch yarim milliondan 4 million so‘mgacha sotilyapti.

Yasagan mahsulotlarimni sotish uchun bozorga ham olib chiqqanman. Qimmatligi uchun ko‘pchilik sotib olmadi. Buxoro va Samarqandga olib borib sotib ham keldim. Festivallarga tashrif buyurgan chet elliklarga buyurtma asosida idishlar tayyorlab sotdim.

Avvallari yasagan idishlarimni joylash uchun 150 ming so‘mdan quti sotib olardim. Bu ishga oila a’zolarimni ham jalb qilay deb quti yasashni o‘zim o‘rgandim. Hozirda onam va turmush o‘rtog‘im qutisini o‘zlari yasashyapti. Qutiga joylangan san’at asarlarimni chet ellarga olib ketishyapti.

Qizil mis choynakda choy ichish inson organizmiga foydaliligi uchun hozirgi kunda choynagimizga talab katta.

Kelajakdagi yagona orzuyim – yasagan mahsulotlarimni chet el muzeylariga qo‘yish», – deydi hunarmand.

Hunarmand bilan bog‘lanish uchun ma’lumotlar: Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumani, “Sarmozor” MFY Bodomzor ko‘chasi 180-uy.

Telefon raqami: (93) 248-58-18; (90) 631-58-18.

Telegram: @Akramxon_Yunusov

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid