O‘zbekiston | 17:17 / 01.05.2022
59665
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston harbiy texnikalarni Afg‘onistonga qaytarmoqchi emas» - Ismatulla Irgashev

2021 yil avgustida Afg‘onistonda toliblar hokimiyatga kelishi fonida sobiq hukumat harbiylari ushbu harbiy uchoqlar bilan O‘zbekistonga qochib o‘tgandi. Aviatexnikalar AQSh hukumati puliga sotib olingani uchun AQShga qaytariladi.

Kadr: YouTube / Amerika Ovozi

O‘zbekiston hukumati Afg‘onistondan mamlakat chegarasini buzib o‘tgan harbiy uchoqlarni AQSh mulki bo‘lgani sababli ularga qaytarishni rejalashtirmayapti. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Afg‘onistonning sobiq hukumati harbiy uchuvchilari o‘shanda chegarani buzib o‘tgani va bu holat yuzasidan sud boshlangani, sud jarayoni tugaganidan so‘ng, AQSh O‘zbekiston va Tojikistondan texnikalarni olib chiqib ketishini ma’lum qildi.

«O‘sha kunlarda ko‘plab harbiy uchuvchilar chegaradan uchib o‘tishdi, qochishdi Afg‘onistondan. Shuni aytishim kerakki, ularning O‘zbekistonga kelishi g‘ayriqonuniy edi, ya’ni ular O‘zbekiston havo chegarasini buzib, ruxsatsiz kirishgan. Bu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ular uchib kelgan vositalar qamoqqa olingan. Bu borada sud qarori chiqarilishi kerak.

Mana shu qaror chiqarilganidan keyin Amerika Qo‘shma Shtatlari bu uchoqlarni, samolyot va vertolyotlarni olib ketadi. Chunki Amerika tomoni bergan rasmiy maktubga ko‘ra, bu uchoqlarning hammasi Amerika hukumatining molidir. Ular hozirda bu uchoqlarni o‘rganib, tekshirib chiqishmoqda, shundan keyin ularning hammasi, o‘ylaymanki, O‘zbekistondan ham, Tojikistondan ham olib ketiladi», — degan Irgashev.

Nashr muxbiri «Tolibon» tomonidan bu aviatsiya vositalarini qaytarish bo‘yicha rasmiy Toshkentga talablar bo‘lgani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh so‘ragan.

«Bunday murojaat bo‘lgan, lekin bunday murojaat bo‘yicha ancha avval gaplashganmiz. Men o‘zim bevosita «Tolibon» hukumati rahbarlari bilan uchrashib, bu masalaga oydinlik kiritganman. Birinchidan, bu holat bo‘yicha jinoyat qo‘zg‘atilgan, uchoqlar qamoqqa olingan va faqatgina sud qarori bilan ozod etilishi mumkin.

Ikkinchidan, Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining rasmiy maktubiga binoan, bu uchoqlarning barchasi Amerika hukumati puliga sotib olingan va vaqtincha Afg‘oniston harbiy kuchlariga berilgan. Ashraf G‘ani hukumati bu uchoqlar uchun bir dollar ham to‘lamagan. «Sobiq hukumatni moliyalashtirishni ham biz amalga oshirardik. Ularning maoshini biz berganimizdan keyin ularning uchoqlarni sotib olish uchun qanaqa bo‘lardi?» degan gaplar bor murojaatda.

Biz bu gaplarni toliblarga yetkazdik. Ular bir qismini bo‘lsa ham qaytarish imkoniyati haqida so‘rashdi. Agar bu ularning moli bo‘lganida, sud qarori chiqqach, ularga qaytarib bergan bo‘lardik», — degan vazir o‘rinbosari.

Diplomat holat yuzasidan sud jarayoni nima uchun ko‘p vaqt olayotganiga ham izoh bergan.

«Bu oddiy jarayon emas. Hamma tomondan o‘rganib chiqilishi kerak. O‘ylaymanki, bu, albatta, hal etiladi», — deya ta’kidlagan Irgashev.

  • Eslatib o‘tamiz, 16 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakat havo makonini ichida 585 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Tojikistonga esa 18 ta harbiy texnika orqali 140−150 kishi o‘tgan. 2021 yil sentabr va noyabr oylarida uchuvchilar va ularning oila a’zolari avvaliga BAAga, keyin AQShga olib ketilgan.
  • 2022 yil yanvar oyi boshida toliblar hukumatida mudofaa vaziri v.b. bo‘lgan Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid O‘zbekiston va Tojikistondan aviatexnikalarni qaytarishni talab qilgandi. «Tojikiston yoki O‘zbekistonda bo‘lgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz bu samolyotlar chegaralarimizdan tashqarida qolishi yoki bu mamlakatlar tomonidan foydalanilishini istamaymiz», — degandi u.
  • AQSh mudofaa vazirligi «Amerika Ovozi»ga bergan ma’lumotida O‘zbekiston ham, Tojikiston ham samolyot va vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarmoqchi emasligini tasdiqlagan. Shu bilan birga Amerika tomoni hamon bu aviatexnikalar taqdiri bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan.

Mavzuga oid