O‘zbekiston | 19:04 / 07.05.2022
11276
5 daqiqa o‘qiladi

“Ma’muriy islohotlar O‘zbekistonga juda ham kerak” - Davletov

Adliya vaziri O‘zbekistonga ma’muriy islohotlar juda ham kerakligini aytarkan, bu oson bo‘lmasligini ta’kidladi: hech bir vazirlik yoki idora o‘z vakolatidan ayrilishni istamaydi.

Toshkentda III Xalqaro reytinglar forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga imkon beruvchi omillarni sanab o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Reytinglarga ta’sir qiladigan yo‘nalishlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchisi – davlat boshqaruvidagi islohotlardir. Ma’muriy islohotlar O‘zbekistonga juda ham kerak. Bu haqda ko‘p gapiryapmiz, prezidentning alohida farmoyishi ham qabul qilindi. Birinchi qadam sifatida, adliya tizimidagi 3ta tashkilotimizni birlashtirib, funksiyalarni optimizatsiya qildik va kamida 100 mlrd so‘mgacha davlat budjetiga foyda keltirdik. Bunda xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini o‘zgartirmagan holda, rahbarlar sonini kamaytirdik. Allaqachon buning ijobiy tomonlarini ham ko‘rmoqdamiz.

Boshqa davlat tashkilotlarida ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Oson bo‘lmaydi, albatta. Qaysi vazirlik o‘zlarining ma’lum funksiya va vakolatini keraksiz, deb aytadi. Bu yerda idoraviy manfaat bor. Hukumat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayligina bu jihatlarni hal qilyapmiz.

Ikkinchi yo‘nalish – raqamlashtirish. Bu qaysidir indekslarda o‘rnimizni yaxshilash uchun emas, balki ma’muriy munosabatlarimizni to‘g‘rilash, maqbullashtirish uchun zarur. Shu zaylda byurokratiya sabab yuzaga kelayotgan korrupsiyaviy holatlarning oldini olish mumkin.

Yaqinda davlat rahbari byurokratiyaga qarshi to‘rtinchi paket hujjatlarni e’lon qildi. Hozirda davlat xizmatlarining 30 foizigina elektronlashgan. O‘z oldimizga bu ko‘rsatkichni 70 foizga olib chiqish vazifasini qo‘yyapmiz. Bir yilda 10-11 mln odamga xizmat ko‘rsatyapmiz, navbatlar mavjud. Bularning hammasini raqamlashtirsak, xizmat ko‘rsatish osonlashadi.

Bu yerda muammo shundaki, uzoq paytdan beri yig‘ilib kelinayotgan ma’lumotlar bazasi qog‘oz ko‘rinishida saqlanib qolmoqda. Bularni o‘zgartirish uchun pul kerak, to‘g‘ri uslubiyat zarur. Chunki ertaga ikkita yoki uchta tashkilot o‘zini alohida raqamlashtirsa, ularning ma’lumotlarini o‘zaro integratsiya qilish muammo bo‘lib qoladi, bir-birlarining kodlarini o‘qiy olmay qolishlari mumkin. Shuning uchun yagona davlat siyosati nuqtayi nazaridan yondashish lozim.

Ruslanbek Davletov

Biz yaqinda FHDYo sohasida 65 mln arxiv hujjatlarini kompyuterga kiritib chiqdik. Ammo bu yerda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) muammosi yuzaga kelmoqda. Bu tizim yangitdan tashkil etilgan bo‘lib, oldingi tug‘ilganlarda JShShIR bo‘lmagan. Endi arxivdagi 65 mln dona dalolatnomaga qaytadan alohida raqam berib chiqyapmiz. Shu kabi jihatlarga e’tibor qaratib, birgalikda ishlashimiz kerak.

Keyingi masala – ochiqlik. Bu bo‘yicha ham o‘tgan yilda alohida farmon imzolangandi. Biz OAV vakillariga mazkur farmon bilan yaxshilab tanishib chiqinglar, deb juda ko‘p aytamiz. Parlament majlislarini onlayn translatsiya qilishlar, har bir deputatning qonun loyihasiga qanday ovoz berganini ochib ko‘rsatish, budjet bilan bog‘liq parametrlarning ochiqlanishi ushbu farmonda ko‘rsatilgan. Hattoki, Senatda alohida qo‘mita ham tuzilgan.

Ochiqlik korrupsiyaga qarshi kurashishda eng katta kuchga aylanyapti. Ochiqlikning keyingi bosqichi bo‘yicha yangi hujjat ham tayyorlanyapti. Buni yaqin kunlarda Senat va Bosh prokuraturaga taqdim qilamiz. Ishlatilayotgan davlat mablag‘larining hisobini berish tartiblari ham hujjatda o‘z aksini topgan.

Amaldorlarning viloyatlarga safarlari paytida sarf qilgan mablag‘lari hisobini ko‘rsatish amaldagi qonunchilikda bor, lekin hech kim buni talab qilmaydi. OAV va jamoatchilik nazorati reytinglarda o‘rnimiz yaxshilanishiga ham, ishlatilayotgan xalq pulining tejalishiga ham juda katta ta’sir qiladi”, dedi Ruslanbek Davletov. 

Mavzuga oid