O‘zbekiston | 14:36 / 23.05.2022
19759
2 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prik tumaniga yangi hokim tayinlandi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimi birinchi o‘rinbosari Abrorjon Asqarov tumanning yangi hokimiga aylandi.

Bugun, 23 may kuni Xalq deputatlari Uchko‘prik tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Uchko‘prik tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, sessiya ishida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tuman kengashi deputatlari, hokim o‘rinbosarlari, sektorlar, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, mahallalar raislari, jamoatchilik faollari, OAV vakillari ishtirok etgan.

Xayrullo Bozorov

Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Uchko‘prik tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Akmaljon Mahmudaliyev Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini aytib o‘tdi.

Viloyat hokimi shu kunga qadar Uchko‘prik tumani hokimining birinchi o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Abrorjon Qambarovich Asqarov nomzodini tuman hokimi lavozimiga tavsiya qildi.

Abrorjon Asqarov

Tavsiya etilgan nomzod tuman kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Ma’lumot uchun, Abrorjon Asqarov 1984 yil Buvayda tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. 2004 yildan bank-moliya tizimida mehnat qilib kelgan, 2018–2019 yillarda «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki Farg‘ona viloyati filiali boshlig‘i, 2019 yildan Uchko‘prik tumani hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Mavzuga oid