O‘zbekiston | 17:33 / 25.05.2022
8068
4 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi ko‘prik ta’miri bir yildan beri tugatilmayapti

“O‘tgan safar Navro‘z bayramiga bitadi deyishdi. Keyin Hayit bayramiga bitadi deyishdi. Endi Mustaqillik bayramiga deyapti”.

Bundan salkam bir yil oldin Andijon viloyatidagi Marhamat hamda Buloqboshi tumanlarining Kulla va O‘qchi qishloqlarini bog‘laydigan Aravansoy ko‘prigi sel oqimi sabab yemirilib, foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Avtomobil yo‘llari xududiy bosh boshqarmasi axborot xizmati mazkur ko‘prik 2021 yilning 26 iyulidan qurilish ishlari boshlanishini e’lon qiladi. Biroq qurilish ishlari boshlanavermaydi.

2021 yilning 22 sentabr kuni esa Kun.uz sayti orqali mazkur ko‘prik qurilishi boshlanmayotgani sababli fuqarolar qiyinchilikka duch kelayotgani haqida surishtiruv e’lon qilinadi.

O‘shanda mas’ullar ko‘prikni qurib foydalanishga topshirish uchun besh oy muddat yetarli bo‘lishini ta’kidlagandi. Oradan esa sakkiz oy o‘tdi. Ko‘prikda esa qurilish ishlari sustkashlik bilan davom etmoqda. Va’dalar va’daligicha qolgan.

Odamlar hamon bozor qilgani, yaqinlarini holidan xabar olgani 40 kilometr yo‘l bosib aylanib, yoki jonini xatarga qo‘yib “qil ko‘prikdan” o‘tishga majbur.

Qo‘lbola yo‘ldan jonini xatarga qo‘yib, qo‘shni tumanga o‘tayotgan aholi bilan suhbatlashdik. Ularning qayd etishicha, harakatlanish uchun noqulay bo‘lgan ko‘prik inson hayoti uchun ham xavfli bo‘lmoqda.

“Buzilganiga bir yil bo‘ldi. Unisi keladi, bitmaydi. Bunisi keladi, bitmaydi. O‘tgan safar Navro‘z bayramiga bitadi deyishdi. Keyin Hayit bayramiga bitadi deyishdi. Endi Mustaqillik bayramiga deyapti. Lekin men bunga ishonmayman”, – deydi Muyassarxon Nosirova.

Andijon ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi Farhod Nurmatov bilan telefon orqali bog‘landik. Uning aytishicha, qurilish ishlari uchun mablag‘lar fevral oyida ajratilgan.

Nurmatovga ko‘ra, ko‘prik sentabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Biroq Farhod Nurmatov bizga bundan 8 oy oldin ham ko‘prik besh oyda foydalanishga topshirilishini aytgan edi. Aholi ham bunday vadalarni ko‘p bora eshitganini va ishonmasliklarini ta’kidlashdi.

Ikki tumanni bog‘lab turuvchi mazkur ko‘prik qurilish ishlarini jadallashtirish va tezroq yakuniga yetkazish aholining og‘irini yanada yengil qilgan bo‘lar edi.

2021 yilda Kun.uz Shahrixon tumani Qo‘rg‘oncha MFYdagi abgor va xavfli ko‘prik muammosini ko‘tarib chiqqan va Prezident selektorda ushbu ko‘prik taqdiri bilan qiziqib, Andijon viloyati hokimidan izoh so‘ragan edi. “Alvasti ko‘prik” esa o‘shandan so‘ng ta’mirlanib foydalanishga topshirilgan edi. Biroq Buloqboshi va Marhamat tumanlarini bog‘lovchi ko‘prikda esa ishlar sust ketmoqda.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid