O‘zbekiston | 07:47 / 13.06.2022
6084
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «San’at eksporti» milliy loyihasi joriy etiladi 

Foto: Kun.uz

Prezidentning “O‘zbek xalqi milliy qadriyatlari, nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va ommalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

  • 2022-2026 yillarda nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish davlat dasturi;
  • YuNeSKO tegishli xalqaro ro‘yxatlariga O‘zbekiston hududidagi nomoddiy madaniy meroslarni kiritish bo‘yicha tayyorlanadigan nomzodnomalar;
  • nomoddiy madaniy merosni tadqiq etish bo‘yicha tashkil etiladigan mahalliy va xorijiy kompleks etnofolklor ekspeditsiyalar ro‘yxati;
  • nomoddiy madaniy merosni ilmiy tadqiq etish va targ‘ib qilish bo‘yicha fundamental va maqsadli grantlar ro‘yxati;
  • nomoddiy madaniy meros namunalarini innovatsion axborot texnologiyalardan foydalangan holda raqamli hujjatlashtirish tasdiqlanadi.

Davlat dasturini amalga oshirish, nomoddiy madaniy meros elementlarini YuNeSKO tegishli xalqaro ro‘yxatlariga kiritish, kompleks folklor ekspeditsiyalar tashkil etish, fundamental va maqsadli grantlar hamda nomoddiy madaniy merosni raqamli hujjatlashtirishga doir xarajatlar davlat budjeti hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Xorijiy davlatlarda mamlakat xalq ijodiyoti san’atini keng targ‘ib etish orqali baxshi, jirov, oqin va folklor-etnografik ansambllar gastrol safarlarini tizimli amalga oshirish maqsadida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “San’at eksporti” milliy loyihasi joriy etiladi.

Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • baxshi, jirov, oqin va folklor-etnografik ansambllar xorijiy davlatlarda madaniy xizmat ko‘rsatish servisi tizimi orqali konsert-tomosha dasturlarini belgilangan tartibda tizimli tashkil etish;
  • qadriyatlar va urf-odatlar asosida tayyorlangan milliy modalar namoyishi, hunarmandchilik ko‘rgazmalarini amalga oshirish;
  • xorijiy davlatlardagi vatandoshlar tomonidan keng targ‘ib etilishini ta’minlash bo‘yicha milliy qadriyatlar va madaniyatni o‘zida mujassam etgan kiyimlar va hunarmandchilik mahsulotlarini doimiy yetkazib berish.

2023 yil 1 yanvardan boshlab:

  • nomoddiy madaniy merosni doimiy rivojlantirish va targ‘ib etib borish maqsadida “Tayyorlash – o‘rgatish – o‘rganish – tiklash – saqlash – ommalashtirish – sotish” uzluksiz yaxlit tizimi asosida klasterlar tashkil etiladi;
  • do‘mbira, changqo‘biz, sibizg‘a cholg‘u ustalari, kashtachilik, hunarmandchiligi, qorabayir otlarini parvarish qilish hamda ular realizatsiya bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi;
  • do‘ppido‘zlik va egar-jabduq yasash bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar ishtirokida 1 yillik usta-shogird maktablari tashkil qilinadi hamda ushbu maktabni yo‘lga qo‘ygan ustalar uchun 1 yil davomida besh barobar bazaviy hisoblash miqdorida oylik maosh Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan to‘lanadi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid