Jahon | 20:07 / 15.06.2022
11827
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Shvetsiya va Finlandiya bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi - OAV 

Turkiya Helsinki va Stokholmdan aniq taklif olmagunicha hech qanday muzokarada ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.

Foto: Reuters

Turkiya hukumati NATOning Shvetsiya va Finlandiya bilan uch tomonlama muzokara o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifini rad etdi. Bu haqda Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. 

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, uch mamlakat vakillari va NATO tomonidan neytral vositachi ishtirokidagi uchrashuv chorshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Ammo Turkiya Helsinki va Stokholmdan aniq taklif olmagunicha hech qanday muzokarada ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.

NATO vakilining gazetaga bildirishicha, uch tomonlama uchrashuv alyansning "yakuniy maqsadi" bo‘lgan.

Finlandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida NATOga qo‘shilish niyatini e’lon qildi. Bu davlatlarni alyansga qabul qilish uchun uning barcha 30 a’zosining roziligi kerak. Ayni paytda Anqara bunga qarshi chiqmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an buni “Finlandiya va Shvetsiyada Turkiyada terrorchilik tashkilotlari vakillari deb ataluvchi kurdlar bo‘yicha aniq pozitsiya yo‘qligi” bilan izohladi. 

Bundan tashqari, Turkiya 2019 yilda Suriyada kurdlarga qarshi harbiy operatsiya boshlaganidan so‘ng Stokholm va Helsinki Turkiya tomoniga mudofaa mahsulotlarini yetkazib berishga sanksiyalar joriy etgan. 

25 may kuni Turkiya Shvetsiya va Finlandiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu davlatlarga 10 ta shartni ilgari surdi. Ulardan asosiysi - Kurdiston Ishchi partiyasi faoliyatining taqiqlanishi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid