O‘zbekiston | 18:36 / 20.06.2022
39151
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi poraxo‘rlik statistikasi e’lon qilindi

2021 yilda 91 nafar davlat xizmatchisi pora olgan, ulardan 49 nafari – rahbar, 8 nafari rahbar o‘rinbosari. Eng ko‘p poraxo‘rlik ichki ishlar tizimida. O‘tgan yili eng kam pora miqdori 50 dollar, eng kattasi 200 ming dollarni tashkil etgan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

O‘zbekistonda 2019 yilda 177 ta, 2020 yilda 161 ta, 2021 yilda 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu turdagi jinoyatlar so‘nggi uch yilda deyarli 50 foizga kamaygan. Bu haqda Aksilkorrupsiya agentligi matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2022 yilning 5 oyi davomida 17 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu – o‘tgan 2021 yilning 5 oyiga nisbatan (2021 yilning 5 oyida 57 taga pora olish jinoyati sodir etilgan) 40 taga kam.

Misol uchun, 2020 yilda 118 ta og‘ir (JKning 210-moddasi 2-qismi), 13 ta o‘ta og‘ir (JKning 210-moddasi 3-qismi) darajadagi pora olish jinoyatlari, 2021 yilda esa 62 ta og‘ir, 6 ta o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyatlari sodir etilgan.

2021 yilda og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 56 taga, o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 7 taga kamaygan.

2021 yilda respublika bo‘yicha 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, 91 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

2021 yildagi pora olish jinoyatlari hududlar kesimida:

  1. Toshkent shahrida – 18 ta;
  2. Toshkent viloyatida – 13 ta;
  3. Jizzax viloyatida – 9 ta;
  4. Andijon viloyatida – 8 ta;
  5. Qashqadaryo viloyatida – 8 ta;
  6. Surxondaryo viloyatida – 7 ta;
  7. Samarqand viloyatida – 5 ta;
  8. Buxoro viloyatida – 4 ta;
  9. Namangan viloyatida – 4 ta;
  10. Farg‘ona viloyatida – 4 ta;
  11. Xorazm viloyatida – 4 ta;
  12. Sirdaryo viloyatida – 3 ta;
  13. Navoiy viloyatida – 2 ta;
  14. Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 2 ta.

Pora olish jinoyatlarining 10 tasi viloyat, 81 tasi tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yilda respublika miqyosidagi davlat tashkilotlarida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan pora olish jinoyatlari sodir etilgani aniqlanmagan.

91 ta pora olish jinoyatidan 49 tasi birinchi darajali rahbarlar, 8 tasi rahbar o‘rinbosari, 34 tasi ijrochi va texnik xodimlar tomonidan sodir etilgan. Mansabdor shaxslardan 77 nafari – erkak, 14 nafari – ayol.

“91 ta pora olish jinoyatidan 20 tasi ichki ishlar (8 tasi yo‘l harakati xavfsizligi), 12 tasi maktabgacha ta’lim, 10 tasi hokimlik, 6 tasi harbiy, 6 tasi qishloq xo‘jaligi, 4 tasi xalq ta’limi, 4 tasi qurilish, 3 tasi kommunal xizmat (elektr, gaz, suv) va 26 tasi boshqa sohalar hisobiga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi xabarda.

91 ta pora olish jinoyatidan 26 tasi yoki 28,5 foizi bevosita sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, bu – umumiy pora olish jinoyatining deyarli uchdan bir qismini tashkil etgan.

91 ta pora olish jinoyatidan 65 tasi ijro tizimiga kiruvchi davlat boshqaruv organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan, ularning 18 tasi (19,7 foizi), deyarli beshdan bir qismi ta’lim tizimi xodimlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

91 ta jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 210-moddasi, ya’ni pora olish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, 22 tasi 210-modda birinchi qismi, 63 tasi 210-modda 2-qismi, 6 tasi 210-modda 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan.

Mazkur 91 ta pora olish jinoyatlarining 38 tasi ta’magirlik, 19 tasi takroran, 4 tasi ko‘p miqdorda, 4 tasi juda ko‘p miqdorda, 2 tasi bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirish bilan bog‘liq bo‘lsa, 2 tasi uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan.

Pora olish jinoyatlari bo‘yicha 500 ming dollar va 113,7 mln so‘m pora olingan bo‘lib, 62 ta holatda (o‘rtacha 8 065 dollar) AQSh dollarida, 29 ta holatda (o‘rtacha 3,92 mln so‘m) so‘mda olingan.

Eng ko‘p pora miqdori 200 ming AQSh dollarini, eng kam pora miqdori 50 AQSh dollarini tashkil etgan.

91 ta pora olish jinoyatining 75 tasi tezkor tadbir, 16 tasi tergovga qadar tekshirish davomida fosh etilgan. Pora predmeti bo‘lgan pullar 5 ta holatda vositachilar va 86 ta holatda to‘g‘ridan to‘g‘ri mansabdor shaxslar tomonidan olingan.

91 ta jinoyatdan 20 tasi ishga qabul qilish, 8 tasi ma’muriy chora ko‘rmaslik, 6 tasi yer ajratish, 4 tasi qurilishga ruxsat berish, 3 tasi yerdan ijara asosida foydalanishga ruxsat berish, 3 tasi avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish, 2 tasi postdan ruxsatnomasiz o‘tkazishga ruxsat berish, 2 tasi pensiya tayinlash, 2 tasi davlat xaridlari bo‘yicha shartnoma imzolash uchun ulush talab qilish, 2 tasi chegaradan o‘tkazish bilan bog‘liq. Qolgan 39 ta holatda jinoyatlar boshqa vakolatlardan foydalanish asosida sodir etilgan.

22 foiz pora olish jinoyati ishga olish vakolatidan foydalanish orqali sodir etilgan bo‘lib, ularning 15 tasi texnik va ijrochi xodimlarni ta’lim (11 tasi maktabgacha ta’lim, 4 tasi xalq ta’limi) muassasalariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq.

8 ta ma’muriy chora ko‘rmaslik vakolatidan foydalangan holda sodir etilgan pora olish jinoyatlarining 5 tasi ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ularning 3 tasi yo‘l-patrul xizmati inspektorlari, 2 tasi profilaktika inspektorlari hisoblanadi.

Bundan tashqari, 6 ta yer sotish bilan bog‘liq pora olish jinoyatlaridan 4 tasi mahalliy hokimlik (3 tasi tuman hokimi o‘rinbosari), 2 tasi qurilish bo‘limi xodimlari hisoblanadi.

UPD. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z axborotini tahrirlab, o‘tgan yilgi eng yirik pora miqdori 2 mln dollar bo‘lgani haqidagi ma’lumot “texnik xatolik” bo‘lganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid