Jamiyat | 10:44 / 16.07.2022
18977
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yirik YTH: 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi

Shetskiy tumanida mikroavtobus avtohalokatga uchrashi oqibatida 8 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, 9 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Jarohatlanganlarlan 5 nafari – O‘zbekiston fuqarolari (xabar yangilandi).

Qozog‘istonning Shetskiy tumanida, “Almati – Yekaterinburg” avtomobil yo‘lining 850 km.da yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

MAN yuk mashinasi va “Mercedes-Benz Sprinter” yo‘lovchi mikroavtobusi to‘qnashishi oqibatida mikroavtobus ichida bo‘lgan 17 nafar yo‘lovchidan 8 nafari voqea joyida halok bo‘lgan, 9 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olib, Aksu-Ayuli qishloq kasalxonasiga yotqizilgan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qozog‘iston FVVga asoslangan holda xabar berishicha, voqea bugun, 16 iyul kuni soat 3:21 da ro‘y bergan.

Mikroavtobus salonida bo‘lgan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan ma’lumot almashinuvi davom etmoqda”, – deyiladi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabarida.

eKaraganda nashrining yozishicha, Qarag‘anda viloyati politsiya departamenti hodisa yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan; mikroavtobus haydovchisi uxlab qolgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

  • FVV bergan birlamchi axborotda mazkur YTH oqibatida ikki O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani aytilgandi. Vazirlik matbuot xizmatining keyinchalik aniqlik kiritishicha, Qozog‘iston mas’ul xizmatlari tomonidan mukammal o‘rganilib, fuqarolarning shaxsiga aniqliklar kiritilganda, halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli mazkur xabar soat 10:44da tahrirlandi.

Mavzuga oid