11:19 / 26.07.2022
7228

YeI davlatlari gazni tejash bo‘yicha favqulodda reja haqida kelishib oldi

Yevroittifoq davlatlari tomonidan kelishilgan gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha favqulodda reja YeI mamlakatlari energetika vazirlarining Bryusseldagi navbatdan tashqari yig‘ilishida tasdiqlanishi kerak.

Foto: Getty Images

Yevropa ittifoqi mamlakatlari 26 iyul, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI davlatlari energetika vazirlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida tasdiqlanishi kerak bo‘lgan gaz iste’molini qisqartirish bo‘yicha favqulodda reja bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar bermoqda dpa.

Yangi rejadan ko‘zlangan maqsad Rossiyadan gaz yetkazib berishning to‘liq to‘xtatilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirishdir. Diplomatik manbalarga ko‘ra, Yevrokomissiya taklif qilgan reja 2022 yil 1 avgustdan 2023 yil 31 martgacha milliy gaz iste’molini 15 foizga qisqartirishni nazarda tutadi. 

Bundan tashqari, gaz yetkazib berishda keng miqyosda taqchillik yuzaga kelgan taqdirda YeI doirasida ogohlantirish e’lon qilish imkoniyati nazarda tutilmoqda. Gaz iste’molini tejash bo‘yicha majburiy maqsadlar ham belgilanishi kerak va Yevrokomissiyaning birinchi loyihasi bilan taqqoslaganda, bu maqsadlar uchun to‘siqlar oshiriladi, ehtimoliy istisnolar soni ko‘paytiriladi. 

Avvalroq, 25 iyul kuni «Gazprom» «Shimoliy oqim» gaz quvuri orqali gaz yetkazib berishga mas’ul bo‘lgan «Portovaya» kompress stansiyasida yana bir Siemens turbinasi to‘xtatilganini e’lon qilgan va buni ta’mirlash ishlari zarurati bilan izohlagan edi. Turbinaning to‘xtatilishi munosabati bilan «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berish 27 iyuldan kuniga 33 million kubometrgacha qisqartiriladi, bu quvvatning taxminan 20 foizini tashkil qiladi. 

O‘sha kuni Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi «Gazprom»ga Kanada tomonidan berilgan, «Shimoliy oqim» gaz quvurining «Portovaya» kompress stansiyasi uchun turbinalarni ta’mirlash, xizmat ko‘rsatish va tashish imkonini beruvchi eksport litsenziyasini yuborgani xabar qilingan edi. 

22 iyul kuni Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek Vladimir Putinni Germaniyaga qarshi gaz dastagidan foydalanganlikda aybladi. «Biz tan olishimiz kerakki, Putin bu gaz dastagini bizga qarshi ishlatmoqda», dedi Habek Germaniyaning ZDF telekanali efirida.

Vazir Moskvaning «Shimoliy oqim» uchun turbinaga oid tushuntirishlarini «o‘ylab topilgan bahona» va «amalga oshmagan o‘yin» deb atadi. «Gazprom»da yetarlicha turbinalar mavjud, deydi Habek. 

Shu bilan birga, 21 iyul kuni «Gazprom» turli xavotirlarga qaramay, «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berishni tikladi. Profilaktik ta’mirlash ishlaridan so‘ng gaz quvuri orqali kuniga 67 million kubometr gaz yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu ta’mirdan oldin yetkazib berish hajmiga to‘g‘ri keladi, ammo loyiha quvvatining atigi 40 foizini tashkil qiladi. 

Top