O‘zbekiston | 18:22 / 06.08.2022
16066
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda yo‘l kengaytirish ishlari sabab yuzdan ortiq daraxtga zarar yetkazildi

Toshkent shahri rasmiylari avtomobillar 4 qator bo‘lib yuradigan Chilonzor ko‘chasini yana ham kengaytirishga qaror qildi. Oqibatda ko‘chaning ikki betidagi ko‘p yillik daraxtlar xavf ostida qoldi. Qator daraxtlar yashab qolmasligi mumkin. Ta’kidlash kerak, yo‘llarni kengaytirish tirbandliklarni kamaytirishga yordam bermasligini avvalroq prezident ham aytgan edi.

Foto: Kun.uz

Toshkentning Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasi avtomobillar harakati uchun kengaytirilishi asnosida yuzdan ortiq ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazildi.

Aksariyatini eman tashkil etuvchi daraxtlar ildizlarining bir qismi qo‘porib tashlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, birlamchi taftishda daraxtlardan kamida 7 tasi jiddiy zararlangani, 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi borligi aniqlangan.

Faollarning aralashuvidan keyin voqea joyiga bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov va Prezident administratsiyasi xodimlari yetib keldi.

Foto: Kun.uz

Jamoatchilik e’tirozi bilan yo‘l toraytiriladigan, yo‘lquruvchi kompaniyaga chora ko‘riladigan bo‘ldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev loyihachilarga tanbeh berdi. Narzullo Oblomurodov esa pudratchilar ustidan ochilgan ish bugunoq Bosh prokuraturaga oshirilishini aytdi.

Foto: Kun.uz

Hozircha zarar miqdori 261 mln so‘mga baholanmoqda. Ekoqo‘m rahbarining Kun.uz muxbiriga aytishicha, shikastlangan daraxtlar soni va yetkazilgan zarar miqdori qayta hisoblab chiqiladi. U daraxtlarga tezda agrotexnik choralar bilan ishlov berishga ko‘rsatma berdi.

Ekologiya xodimlarining aytishicha, yo‘lni kengaytirish bo‘yicha loyiha ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagan. Shaharda bu amaliyot ko‘p ham qo‘llanavermaydi, chunki bu majburiy tartib emas.

Ayni holat O‘zbekiston bo‘ylab daraxt kesishga qo‘yilgan moratoriy fonida ro‘y bermoqda.

Qolaversa, shaharlarda, xususan Toshkentda ham avtomobil yo‘llarini kengaytirish faol davom ettirilmoqda, vaholanki, jahon tajribasida bu kutilgan natijani bermasligi allaqachon ayon bo‘lgan.

Avtomobil yo‘llarini kengaytirish tirbandliklarni kamaytirishga yordam bermasligi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev ham bir necha oy oldin aytgan edi.

“Yo‘lni kengaytirish bilan tirbandlik muammosini hal etib bo‘lmaydi. Jamoat transportiga ustunlik berish kerak. Dunyo tajribasiga qaranglar”, – degandi davlat rahbari.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturiga binoan, 5 yil davomida respublika bo‘ylab 1 898 km yo‘lning qatnov qismini kengaytirish belgilangan. Xususan, Toshkent shahrida 2026 yil oxirigacha 58 km yo‘l kengaytirilishi, 11 ta yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid