O‘zbekiston | 17:19 / 22.08.2022
9341
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Rossiyaning Ulyanovsk oblasti hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Qirg‘iziston fuqarolarining nobud bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Sadir Japarovga hamdardlik bildirgan.

“Qardosh Qirg‘iziston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik so‘zlarini yetkazishni so‘radi, jabrlanganlar shifo topishini tiladi”, deyiladi xabarda.

Ulyanovsk oblastida 21 avgust, yakshanba kuni mikroavtobus va ikkita yuk mashinasi to‘qnashib ketdi. Nikolayevskiy tumanining Nikolayevka qishlog‘i yaqinida M-5 Ural yo‘lida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati. 

IIV oblast boshqarmasi xabariga ko‘ra, yuk mashinalaridan birining haydovchisi o‘z vaqtida tezligini pasaytirmagan va mikroavtobusga borib urilgan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YTH oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, deb xabar berildi Ulyanovsk oblasti hukumati saytida. Tergovchilar mazkur holat yuzasidan “Yo‘l harakati va transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. 

Ulyanovsk oblasti gubernatori Aleksey Russkixning so‘zlariga ko‘ra, YTHda jabrlanganlarning uch nafari og‘ir ahvolda, Nikolayev tumani shifoxonasi shifokorlari ularning hayoti uchun kurashmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid