O‘zbekiston | 11:34 / 24.08.2022
11635
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahri hududi kengaytiriladi

Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisi boshlandi. Unda “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosi ko‘rib chiqildi.

Namangan shahri

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida Namangan shahrini istiqbolda “bir millionlik shahar”ga, ya’ni “megapolis”ga aylantirish, investitsiviy muhit yaxshilanishi natijasida xalqaro zamonaviy brendlar va yirik kompaniyalar shaharga kirib kelishi, urbanizatsiya jarayonlari tezlashishi, “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida boshqarish tizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan. Namangan shahrida bir yilda aholi o‘rtacha o‘sishi 30,3 ming kishini tashkil etishi hisobga olingan holda, 2040 yilga kelib aholi soni tabiiy ravishda 1,2 mln kishiga yetishi prognoz qilinmoqda.

Namangan shahrini “millionli shahar”ga aylantirish maqsadida unga chegaradosh bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumanidan 472,4 gektar yer maydonini qo‘shib berish, hududda “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Qarorga ko‘ra, aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash maqsadida shahardagi mavjud savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlarida, maydoni 164,2 gektar bo‘lgan 4 ta kichik sanoat zonasida 41,0 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishiladi.

Majlisda qaror loyihasi qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid