O‘zbekiston | 16:24 / 24.08.2022
17201
2 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”dagi takliflarga ovoz berish boshlandi

Ikkinchi mavsumda fuqarolar tomonidan 61 mingdan ortiq tashabbuslar bildirildi. Eng ko‘p ovoz yig‘ib, g‘olib chiqqan loyihalarni moliyalashtirishga 1 trillion so‘m pul ajratiladi.

Foto: Kun.uz

24 avgustdan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni boshlandi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mavsum doirasida fuqarolar tomonidan ilgari suriladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida respublika bo‘ylab qariyb 1 trillion 62 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, endilikda “Humans” aloqa operatori abonentlari ovoz berish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi.

Shuningdek, “Ochiq budjet” portalida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar ham ovoz berish jarayonida o‘zlarining telefon raqamlari orqali ishtirok etishlari kerak bo‘ladi.

Infografika: Moliya vazirligi matbuot xizmati

Moliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda portalga bir vaqtning o‘zida ko‘plab fuqarolarning kirishi sababli sayt faoliyatida qiyinchiliklar kuzatilyapti.

“Portal uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun texnik ishlar amalga oshirilmoqda. Yo‘qotilgan har bir vaqt uchun kompensatsiya tariqasida ovoz berish jarayoni uzaytiriladi.

Faol bo‘lganingiz uchun minnatdormiz. Sizning ovozingiz biz uchun muhim!” – deyiladi rasmiy xabarda.

Infografika: Moliya vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, bu mavsumda fuqarolardan jami 61 566 ta tashabbus kelib tushgan.

Tashabbuslarning 32 foizi ichki yo‘llarni (piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgichlar) ta’mirlash, 13 foizi umumta’lim maktablarini ta’mirlash yoki jihozlash, 12 foizi esa ko‘cha chiroqlarini ta’mirlash va o‘rnatishga doir.

Qanday ovoz berish haqida videoqo‘llanma:

Mavzuga oid