Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Ukraina armiyasini tayyorlash bo‘yicha missiya tashkil etadi
Jozep Borrelga ko‘ra, Ukrainadagi frontlarda vaziyat juda og‘irligicha qolmoqda. Yevropa ittifoqi mamlakatlari mudofaa vazirlarining uchrashuvi arafasida u Ukraina askarlarini tayyorlash bo‘yicha missiya tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga va’da berdi.
Yevropa ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Yevropa ittifoqi Ukraina frontlaridagi murakkab vaziyat fonida Kiyevga yordam berishda davom etishiga va’da berdi. Xususan, Ukraina armiyasini tayyorlash bo‘yicha Yevropa ittifoqi missiyasini yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. «Ukraina bizning qo‘llab-quvvatlashimizga muhtoj va biz bu yordamni ko‘rsatishda davom etamiz. Harbiy ta’minotdan tashqari, yordamni kuchaytirish uchun Ukraina armiyasini tayyorlash bo‘yicha Yevropa ittifoqi missiyasini ishga tushirishni ham ko‘rib chiqamiz», - dedi u 30 avgust, seshanba kuni Yevropa ittifoqi mudofaa vazirlarining norasmiy uchrashuvi arafasida Pragada tashkil etilgan matbuot anjumanida.
Borrelning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov ishtirok etadi. Yevropa diplomatiyasi rahbari norasmiy konferensiya mavzusi Yevropa ittifoqining o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘lishini ta’kidladi. «Biz a’zo davlatlarga ko‘proq texnika sotib olishga qanday ruxsat berishimiz mumkinligini muhokama qilamiz, chunki bizning arsenallarimiz bo‘shab qolyapti. Biz Ukrainani shunchalik ko‘p qurol-yarog‘ bilan ta’minlayapmizki, o‘z zaxiralarimizni to‘ldirishimiz kerak», - dedi u.
Borrelning qayd etishicha, Pragadagi uchrashuv norasmiy bo‘ladi, shuning uchun ham aniq qarorlar qabul qilinmaydi, ammo umumiy siyosiy kelishuvni kutish mumkin. «Tafsilotlar keyinroq ochiqlanadi. Bizda juda murakkab tartiblar bor - maqsadlar, ko‘lam va resurslarni aniqlashimiz kerak. Ammo bugun biz bu missiya uchun yashil chiroq yoqamiz deb o‘ylayman», - dedi Jozep Borrel.
Yevropa bosh diplomati Ukraina askarlarini tayyorlash bo‘yicha Yevropa ittifoqi missiyasini ishga tushirish Rossiya bilan ziddiyatni kuchaytiradi, deb o‘ylamayapti. «Biz Ukrainani katta hajmdagi qurol-yarog‘ bilan ta’minlayapmiz. Albatta, Rossiya bundan norozi bo‘ladi. Kiyevga barcha turdagi harbiy texnika yetkazib berayotganimiz unga yoqmaydi. Biz harbiy texnika yetkazib berishda davom etamiz. Lekin qanday qilib harbiylarni o‘qimasdan asbob-uskunalar bilan ta’minlash mumkin? Bu ikki narsa o‘rtasidagi farq nima?» - deya izoh berdi u o‘z fikrini tushuntirib.