Jahon | 14:33 / 12.09.2022
8739
2 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada 2016 yilgi teraktlar ishi bo‘yicha sud boshlandi

2016 yilning mart oyida Bryusselda sodir bo‘lgan qator teraktlar oqibatida 32 kishi halok bo‘ldi, yana yuzlab kishilar jarohatlandi. To‘qqiz nafar ayblanuvchi ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayoni Belgiyada katta shov-shuv keltirib chiqardi.

Foto: Picture Alliance

Belgiya poytaxtida 12 sentabr, dushanba kuni Bryusselda 2016 yilda 32 kishi halok bo‘lgan va yuzlab odamlar yaralangan qonli teraktlar ishi bo‘yicha yirik sud boshlandi. Hakamlar hay’ati belgiyaliklar xotirasida fojiali iz qoldirgan ishning tafsilotlarini ko‘p oylar davomida ko‘rib chiqadi.

2016 yilning 22 mart kuni IShID guruhining uch nafar xudkush-terrorchisi avval aeroportda, keyin esa Belgiya poytaxtining eng gavjum hududlaridan birida joylashgan metro bekatida o‘zini portlatib yubordi. O‘n nafar sudlanuvchiga nisbatan ayblov e’lon qilingan, ulardan biri Suriyada vafot etdi.

Sakkiz nafar sudlanuvchi terroristik sabablarga ko‘ra 32 kishini o‘ldirish, terroristik sabablarga ko‘ra 695 kishini o‘ldirishga urinish va terrorchilik guruhi faoliyatida ishtirok etishda ayblanmoqda. To‘qqizinchi ayblanuvchi faqat terrorchilik guruhiga a’zolikda ayblanmoqda. 

900 dan ortiq kishi da’vogar sifatida ishtirok etadi. Sud jarayoniga jamoatchilik qiziqishi katta, shuning uchun u Bryussel shimoli-sharqidagi NATOning sobiq shtab-kvartirasi o‘rnidagi binoda bo‘lib o‘tmoqda. Jarayon olti oydan to‘qqiz oygacha davom etishi taxmin qilinyapti. So‘nggi yillarda teraktlar qurbonlari, ularning fikricha, davlat yordami yetarli emasligidan bir necha bor shikoyat qilishgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid