14:07 / 14.09.2022
10698

Shavkat Mirziyoyev BMT bosh kotibi o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentabr kuni ShHT Samarqand sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan BMT bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik yo‘nalishlari, dolzarb xalqaro masalalar, mamlakatda 2030 yilga qadar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Rozmari DiKarlo prezident Shavkat Mirziyoyevga BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomini yetkazib, u 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning BMT tuzilmalaridagi ishtiroki faollashgani qayd etildi. Mamlakat tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasi mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishga qaratilgan beshta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston 2020-2021 yillarda FAO Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha 32-mintaqaviy konferensiyasida raislik qilgani, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lib kirgani, YuNeSKO kichik yoshli bolalar tarbiyasi va ta’limi bo‘yicha jahon konferensiyasi va Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) bosh assambleyasini o‘tkazishni rejalashtirayotgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va afg‘on xalqiga ko‘maklashish loyihalarini amalga oshirish, Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ilgari surish va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.

Top