Jahon | 13:28 / 15.09.2022
7549
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya askarlari - tinch aholiga qarshi kurashayotgan nimjonlar

Ukraina prezidenti Rossiyaning Kriviy Rigga raketa hujumini keskin tanqid qildi, buning natijasida Karachuni suv ombori to‘g‘oni zarar ko‘rdi. U rus askarlarini tinch aholiga qarshi kurashda aybladi.

Foto: Insider

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kriviy Rig shahriga raketa hujumlarini keskin tanqid qildi, bu Karachuni suv ombori to‘g‘oniga zarar yetkazdi va shaharning katta qismini suv ostida qoldirdi. 14 sentabr, chorshanba kuni kechki payt urushning 203-kuni yakunlari bo‘yicha Ukraina xalqiga murojaat bilan chiqish qilgan Zelenskiy, shuningdek, rus harbiylariga rus tilida murojaat qilib, ularni «tinch aholiga qarshi kurashayotgan nimjonlar» deb atadi.  

«Bugun sizning raketa hujumlaringiz, Rossiya raketalarining Kriviy Rigga, Karachuni suv ombori to‘g‘oniga, umuman harbiy ahamiyatga ega bo‘lmagan obektlarga, aslida yuz minglab oddiy fuqarolarga bergan zarbasi - bu Rossiya yutqazishining yana bir sababi. Nafaqat bu urushni, balki tarixni ham yutqazadi. Tarixni insonlar yozadi, inson bo‘lmaganlar emas. Tarixda kim bo‘lib qolasiz? Bu raketalar bilan zarba berganlar bo‘lib. Yerimizga bostirib kirganlar sifatida. Nimjonlar. Sizlar - tinch aholiga qarshi kurashayotgan nimjonsiz. Jang maydonidan qochib, uzoqdan qayerdandir zarar yetkazmoqchi bo‘lgan qabihlar. Sizlar o‘z nabiralaringiz uyaladigan terrorchi bo‘lib qolasiz», — dedi Zelenskiy. 

Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, rus askarlari uchun yagona yo‘l - Ukraina kuchlariga taslim bo‘lish. «Faqat bu ularga barcha konvensiyalarga muvofiq hayot va munosabatni saqlab qolishni kafolatlaydi. Har bir rus askari allaqachon tushunishi kerak ediki, faqat Ukraina asirligida hech kim Rossiya uchun mag‘lub urushda uni o‘lja sifatida ishlatmaydi», - dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Kriviy Rigdagi to‘g‘onga raketa zarbasi rus askarlarining ruhiy holatini yaxshilamaydi, degan fikrni bildirdi. «Ular Rossiya qo‘mondonligi qobiliyatsizligini va Ukrainada har tomonlama mag‘lub bo‘lishlarini tushunishdi. Rossiya buni hech qanday terror bilan tuzata olmaydi, chunki terror faqat undan foydalanayotganlarning zaifligini tasdiqlaydi», deb tushuntirdi Zelenskiy ukrain tilida. 

14 sentabr kuni Rossiya qo‘shinlari «Kinjal» va «Iskander» raketalari bilan shaharning gidrotexnika infratuzilmasini o‘qqa tutdi, dedi Kriviy Rig harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkul. Natijada Ingulets daryosida suv sathi ikki-uch metrga ko‘tarilgan. 

Vilkulning so‘zlariga ko‘ra, 112 ta xususiy uy va dalahovlilar suv ostida qolgan. Kechasi avariyani bartaraf etish uchun daryo o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida to‘g‘onning boshqariladigan portlashlari amalga oshirildi. 15 sentabr kuni ertalab daryoda suv oqimi kamayib, sathi pasaya boshladi. 

Rossiya va Ukraina manbalariga ko‘ra, to‘g‘onga zarba berish orqali rus qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlarining Ingulets orqali Xerson yo‘nalishi bo‘ylab o‘tishini sekinlashtirishga harakat qilgan. 

Mavzuga oid