Jahon | 08:26 / 23.09.2022
10070
5 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoraladi

BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Yevropa ittifoqi davlatlari va AQSh Ukrainadagi urushni qoraladi, Xitoy hech qanday shartlarsiz muzokaralar o‘tkazishga chaqirdi, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa faqat nutqi davomida zalda paydo bo‘ldi.

Foto: AFP

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va bir qancha davlatlar tashqi ishlar vazirlari 22 sentabr, payshanba kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushda sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tekshirishga chaqirdi. Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin boshlagan urush «har qanday tinchlik istiqbolidan tobora uzoqlashib, dahshat va qon to‘kilishining cheksiz sikliga o‘tib bormoqda». BMT bosh kotibi Putinning yadroviy qurol bilan tahdidlarini qabul qilib bo‘lmas, deb atadi.

Bundan tashqari, Antonio Guterrishning ta’kidlashicha, bosib olingan hududlardan kelayotgan xabarlar «qatl qilish, jinsiy zo‘ravonlik, qiynoqlar, tinch aholi va harbiy asirlarga nisbatan boshqa g‘ayriinsoniy munosabatni o‘z ichiga olgan vahshiylik «katalogi»ni» tashkil etadi. Jabrlanuvchilar va ularning oila a’zolari sud muhokamasi va zararni qoplash huquqiga ega, dedi Guterrish. Uning pozitsiyasini Yevropa ittifoqi davlatlari, shuningdek, Meksika, Albaniya va Irlandiya tashqi ishlar vazirlari qo‘llab-quvvatladi.

Rossiya rasmiylarining xatti-harakatlari AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan ham ochiqdan ochiq qoralandi. Putinning xatti-harakatlari uning BMTga nisbatan ochiqcha nafratini ko‘rsatadi va Ukrainadagi BMT himoya qilishi kerak bo‘lgan xalqaro tartibni buzayotgan voqealar jazosi «qolib ketmasligi kerak», dedi Blinken. «Prezident Putinga o‘z manfaatlarini butun dunyo, jumladan, o‘z xalqi manfaatlaridan ustun qo‘yishni bas qilishi kerakligini ayting», — deya Blinkenning Rossiya delegatsiyasiga qilgan murojaatidan iqtibos keltirgan The Washington Post.

Annalena Berbok, o‘z navbatida, Rossiyaning o‘ziga murojaat qildi. «Men Rossiyani jiddiy chaqiraman: siz bu urushda g‘alaba qozonmaysiz, shuning uchun uni to‘xtating. Azoblarni, fuqarolaringizni o‘limga yuborishni bas qiling. O‘ylab topilgan «referendumlaringizni» to‘xtating - bu urush kabi noqonuniy», - dedi u.

Uchrashuvda ishtirok etgan Hindiston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Rossiyani ochiqdan-ochiq qoralamagan bo‘lsa-da, harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish va davlatlar o‘rtasida muzokaralarni qayta boshlashga chaqirishdi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I muzokaralar «oldindan hech qanday shartlarsiz» o‘tishi kerakligini qo‘shimcha qildi. Avvalroq Kreml bir necha bor muloqotni tiklashdan oldin Ukrainadan Moskva ilgari surgan shartlarni qabul qilishni talab qilgan, Kiyev buni ultimatum deb hisoblagandi.

Vang I shuningdek: «Barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, barcha mamlakatlarning xavfsizligiga oqilona nuqtayi nazardan jiddiy qarash kerak» dedi. Xitoy vaziri rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrovga avvalroq Pekin urushni diplomatiya yo‘li bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan edi.

Lavrov yig‘ilishda faqat o‘z nutqi davomida qatnashdi va u Ukrainani «totalitar natsistlar davlati» deb atadi hamda Rossiyaning unga qarshi urushi «muqarrar» ekanini aytdi. Nutqdan keyin u zalni tark etdi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Lavrovning ketishiga kinoya bilan munosabat bildirdi: «Rossiya diplomatlari xuddi rus askarlari kabi qochib ketayotganini payqadim».

Rossiya vakillari xalqaro tashkilotlarning majlis zallarini namoyishkorona tark etib, avval ham tadbirlarni sabotaj qilishgan. Iyul oyida bo‘lib o‘tgan G20 sammiti chog‘ida Sergey Lavrov boshqa mamlakatlardagi hamkasblari nutqini tinglash va nemis jurnalistlari bilan muloqot qilishdan bosh tortgan edi. Avgust oyi oxirida Nyu-Yorkda Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma konferensiyasida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari xuddi shunday yo‘l tutishdi: Rossiyadan kelgan delegatlar bir necha hafta davom etgan uchrashuvning yakuniy hujjatini imzolashdan bosh tortishdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid