O‘zbekiston | 08:23 / 27.09.2022
2960
2 daqiqa o‘qiladi

Jazeera Airways Namanganga parvozlar amalga oshirishni boshlaydi

Kuvayt aviakompaniyasi 30 sentabrdan boshlab Namangan shahriga haftasiga uch marta parvozlar amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston va Kuvayt poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilganiga bir yil o‘tganidan so‘ng, Jazeera Airways kompaniyasi O‘zbekiston sharqiy qismida joylashgan Namangan yo‘nalishida reyslar ochilganini e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Aviakompaniya yangi yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni haftasiga uchta reys bilan - dushanba, chorshanba, juma kunlari amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Birinchi aviaparvoz joriy yil 30 sentabr kuni yo‘lga qo‘yiladi.

Jazeera Airways kompaniyasi bosh ijrochi direktori Roxit Ramachandran ta’kidlashicha, “bu - Namanganga Yaqin Sharq mintaqasidan ilk yo‘nalish bo‘lib, O‘zbekistonning sharqiy qismi bilan rivojlanib borayotgan savdo aloqalari va katta sondagi turistlar imkoniyatiga ega mintaqaga yo‘l ochadi. Namangan tarixiy obidalari va madaniyati bilan ajralib turuvchi O‘zbekistoning yengil sanoat va oziq-ovqat markazidir”.

Kuvayt bilan Toshkent va Namangan yo‘nalishlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim hamda respublikaga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni sezilarli oshishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Kuvaytga eksporti hajmini oshirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.

Hozirgi paytda Jazeera Airways kompaniyasi bilan Al-Kuvayt – Samarqand – Al-Kuvayt yo‘nalishi bo‘yicha aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ishlab chiqilmoqda.

Mavzuga oid