Jahon | 08:55 / 29.09.2022
2564
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishini ma’qulladi

Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish bo‘yicha protokollar Slovakiya parlamenti a’zolari tomonidan ma’qullandi va prezident Zuzana Chaputova tomonidan imzolandi.

Foto: Shutterstock

Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi haqidagi kelishuvni imzoladi. «Skandinaviya ikkala davlati ham o‘z a’zoligi hamda mudofaa salohiyati bilan ittifoqni yanada mustahkamlaydi, shu orqali bizning jamoaviy chidamliligimizni oshiradi. Yangi ittifoqchilarimiz borligidan xursandman», - dedi Chaputova 28 sentabr, chorshanba kuni.

Slovakiya parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan NATOni kengaytirishni ma’qulladi. Finlandiyaning kirishi uchun hozir bo‘lgan 143 deputatdan 126 nafari, Shvetsiyaning kirishi uchun 144 nafar deputatdan 124 nafari ovoz berdi.15 nafar parlamentariy – asosan o‘ng ekstremistik qanot vakillari – har bir jarayonda qarshi ovoz berdi.

Shu tariqa, Slovakiya NATOning so‘nggi a’zolaridan biri sifatida Shvetsiya va Finlandiyaning ittifoqqa qo‘shilishi to‘g‘risidagi protokollarni ratifikatsiya qildi. Ularning NATOga kirishi uchun barcha 30 ta ishtirokchi davlatning roziligi kerak. Ilgari arizalar AQSh, Germaniya, Fransiya va NATOning 20 dan ortiq davlatlari rasmiylari tomonidan ma’qullangan. Finlandiya prezidenti avgust oyida protokollarni ratifikatsiya qilish «kutilganidan ham tezroq» bo‘lganini tan oldi.

Har ikki davlat ham o‘nlab yillar davomida harbiy ittifoqqa kirmagan, biroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin shunday qarorga keldi. Turkiyaning pozitsiyasi Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi asosiy to‘siqqa aylandi. Bu mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Stokholm va Helsinkini Anqara terrorchi deb hisoblagan kurd qurolli guruhlarini qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek 2019 yil Suriyada kurdlarga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng Turkiyaga mudofaa mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha sanksiyalar joriy etishda bir necha bor ayblagan.

Iyun oyining oxirida, NATO sammitida tomonlar kelishuvga erishdi va qo‘shma memorandumni imzoladi, unda Anqara Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lish intilishini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid